"Le Figaro" nashrida Samarqand haqida maqola e’lon qilindi

YuNESKO Bosh direktori Odri Azule Fransiyaning nufuzli “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida Samarqandga safaridan naqadar ta’sirlangani haqida so‘zlab berdi.

Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov o‘zining Facebookdagi sahifasida yozib qoldirdi.

21 dekabr kuni Fransiyaning eng yirik "Le Figaro" gazetasi YuNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan intervyusini chop etdi. Unda Azule xonim o‘zining xorijiy safarlariga oid xotiralari bilan bo‘lishgan. Intervyu ham bosma nashrda, ham elektron tarzda taqdim etilgan.

YuNESKO rahbari o‘zida misli ko‘rilmagan va betakror taassurotlar qoldirgan me’moriy yodgorliklar, tarixiy-madaniy an’analar va amaliyotlar haqida so‘zlar ekan, O‘zbekistonni alohida e’tirof etgan.

Azule xonim unda eng o‘chmas iz qoldirgan obida haqidagi savolga shunday javob berdi: "Men O‘zbekistonning Samarqand shahrida Amir Temur dafn etilgan Amir Temur maqbarasi hamda Registon maydonidan juda katta taassurot olganman. Nafaqat yodgorlikning nihoyatda go‘zalligi bois, balki u yerda bir necha qabr mavjudligi uchun hamdir. Uning hukmronligi davrida Markaziy Osiyodagi imperiyasi boshqaruvi yillarida Temurning sevimli nabirasi iltimosiga ko‘ra qurilgan maqbara ham shular jumlasidandir. Uning yana bir astronom nabirasi tomonidan qurilgan rasadxona ham o‘sha yerda joylashgan. Biz uni deyarli o‘rganmaymiz. Bu esa ushbu imperiya tarixi xotiramizdan biroz ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Biroq she’riyat, shuningdek, jahon tarixi bag‘oyatda samimiylik bilan bog‘langan ushbu yodgorlik va toza muhitda butun ilmiy yutuqlar va yangiliklardan saqlanib qoldi.

Ma’lumot o‘rnida: "Le Figaro" - kundalik nashr etiladigan milliy fransuz gazetasi (1826 yilda tashkil etilgan). Adadi 313 ming nusxada chop etiladi. “Le Figaro”ning elektron versiyasi qariyb 23,5 million kuzatuvchi bilan eng ko‘p ko‘rilgan 30 ta sayt orasida yetakchi hisoblanadi.

2011 yilda mazkur nashr "Mobil aloqadagi eng yaxshi media" unvoniga sazovor bo‘lgan.