Liberallar 3200 dan ziyod qo‘llab-quvvatlovchi imzo to‘pladi
O‘zLiDeP xodimlari va partiyaga xayrixohlar imzo to‘plash jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Jarayon hududlardagi 1600 dan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlarida, shuningdek, odamlar gavjum joylarda tashkil etilmoqda.
Xususan, Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” mas’uliyati cheklangan jamiyati, viloyat transport boshqarmasi, “SAMARKAND APPAREL” xorijiy korxonasidagi yirik mehnat jamoalarida imzo yig‘ish nuqtalari tashkil etildi.
- Ushbu jarayonda aholining barcha qatlami vakillari o‘z ixtiyori bilan burch va mas’uliyatni chuqur anglagan holda xayrixohliklarini bildirmoqda, - deydi partiya viloyat Kengashi matbuot kotibi Nasiba Mo‘minova. - Partiya faollari tomonidan fuqarolik jamiyatini shakllantirish, demokratik huquqiy davlatni barpo etishda saylovchilarning faolligi aniq misollarda tushuntirilmoqda. Ayniqsa, joriy yilgi saylovlarda har bir saylovchining ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi qayd etilyapti.
Shuningdek, partiya g‘oyalari va erishgan yutuqlari haqida ma’lumotlar berilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatida O‘zLiDePni qo‘llab-quvvatlovchi 3200 dan ziyod imzo to‘plangan.