Limon va zanjabilli birikma koronavirusdan himoyalaydimi?

Internetda immunitetni oshiradigan retseptlar haqida ko‘plab ma’lumotlar berilmoqda, shulardan biri “imbir, limon va asal aralashmasi” haqida. Retsept quyidagicha: “500 gramm imbir, 500 gramm limon qiymalagichdan o‘tkaziladi. Masalliqqa uch osh qoshiq asal solib aralashtiriladi va muzlatkichga qo‘yiladi. Har kuni bir osh qoshiqdan 100 gramm iliq suvga solib, aralashtirib, och qoringa ichasiz. Oshqozoni kasallarga ovqatdan keyin ham mumkin”.

Ushbu tavsiyaning foydaligi bo‘yicha xulosalarni  quyidagicha izohlaymiz:

Imbir o‘zbek tilida zanjabil (Zingiber officinale) - bir pallalilar sinfiga, zanjabildoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda o‘stiriladi. Tarkibida biriktiruvchi moddalar va singibern, shogiol va gingerol mavjudligi unga o‘ziga xos yoqimli hid berib turadi, qator foydali xossalarga egaligi ham shundan kelib chiqadi. 3anjabil yer osti tanasining hamma qismida efir moyi bor. Zanjabil ayniqsa kaliy, fosfor, magniy, kalsiy, natriy, temir, mis, rux, marganets va C, E, B3, B6, foliy kislotaga boy. Bu moddalar immunitetni mustahkamlashda, gripp va shamollash viruslariga qarshi profilaktikasi va davolashda qo‘llaniladi. 100 g zanjabil 80 kkal energiya beradi.

Zanjabil quyidagi ta’sirlarga ega: Shamollashga qarshi (yallig‘lanishga), bakteritsid, antiseptik, antibakterial, antigelmint, terlash, balg‘am ko‘chirish, quvvatlantiruvchi, spazmolitik, kardiotonik, oshqozon ichak yarasiga qarshi.

 Zanjabil ildizi xalq tabobatida bir necha ming yillardan beri ishlatilib kelinadi. Tuyib elaklangan talqoni tabobatda jigar, yurak, me’da xastaligini davolashda ishlatiladi (asal bilan birga choynakka damlab ichiladi). Oziq-ovqat sanoatida konditer mahsulotlari ishlab chiqarishda va pazandachilikda ba’zi ovqatlarga (pishish oldidan) maydalangan holda ziravor sifatida solib ishlatiladi.

Zanjabilli choyni muntazam ichish uning juda ko‘p foydali xossalari sababidan tavsiya etiladi: jigarni tozalab, undan zaharli moddalarni chiqarib yuboradi, o‘t pufagini sog‘lomlashtiradi, organizmni ichdan qizdiradi, modda almashinuvini yaxshilaydi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi va ishtahani oshiradi, immun tizimini mustahkamlaydi, tinchlantiruvchi ta’sirga ega.

Zanjabilni qo‘llashda monelik qiluvchi holatlar: homiladorlik davrining uchinchi trimestrida, go‘dak bolalik emizuvchi yosh onalarga, 3 yoshdan kichik  bolalarga,  tana harorati 38°S dan oshganda. Kimda surunkali gastrit, oshqozon yarasi, o‘tida tosh bo‘lganda va epilepsiyada tavsiya etilmaydi.

Limon. Limon o‘zida flavonoid moddasini saqlaydi. Flavonoid - viruslar, allergen va konsergenlarga qarshi kurashuvchi yagona biologik modifikator hisoblanadi. Limon sharbati juda foydali bo‘lib, 12 dan ortiq makro va mikroelesmentlar, olma va limon kislotasi, fitonsidlar, 9 xil vitaminlarga (S, V2  va b.) boydir. Vengriyalik olim Albert Sent-Derdi limon po‘stidan R vitaminini ajratib olgan. Keyinchalik R vitamini - bioflavonoidlarning majmuasi - o‘sish jarayonining moddasi, ya’ni kapillyar tomirlarning egiluvchanligini saqlaydi va mustahkamligini oshiradi. Bu o‘z navbatida, S vitamining to‘liq singishiga yordam beradi. Qon bosimi kasalliklarida arterial qon tomirlarini kengaytirib, bosimni me’yorda ushlab turadi. Ovqat hazm qilish jarayonida ham faollik ko‘rsatadi, gijjalarni haydaydi, avitaminozlarda qo‘llaniladi. Limon o‘zida 48.3 foiz kaliy (miya va nerv to‘qimalarini oziqlantiradi), 29.9 foiz kalsiy (suyak va tishlarni oziqlantiradi), 4.4 foiz magniy (qonda oqsillarni shakllanishida asosiy rol o‘ynaydi). 100 g limon 29 kkal energiya beradi.

Limonning ta’mi va xushbo‘yligi ruhiy zo‘riqishda samarali yordam beradi, qusishga qarshi ta’sirga ega. Aromaterapiyada bo‘g‘im va terining dam olishiga va qon aylanishining yaxshilanishiga limondan keng foydalaniladi. Limon bilan yuz terisi artilsa, yuz yanada yaxshilanadi. Limon sharbati organizmdagi limfatik tizimni tozalaydi va teri to‘qimalarini mustahkamlab, qon aylanishini yaxshilaydi. Homiladorlik vaqtida limon iste’mol qilish bolaning suyak to‘qimalarini mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Limonning ovqat hazmida ham foydasi bor, u oqsil, kalsiy va boshqa bir qator vitaminlarning so‘rilishiga yordam beruvchi fermentlarni ishlab chiqaradi. Shuningdek, limon qondagi xolesterin miqdorini kamaytirib, soch to‘kilishining oldini oladi. Jigar va o‘t qopining yaxshi ishlashiga yordam beradi. Virusli va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda to‘laqonli leykotsitlarni shakllanishiga ko‘maklashadi. Limondan efir yog‘i, limon sharbati va  sedrasi olinadi.

Zanjabil va limonning foydalik xususiyatlari ularni birgalikda qo‘llaganda ancha yuqori bo‘ladi. Qadimdan ko‘pgina kasalliklarga malham bo‘lgan mahsulotlarni izlab topishgan. Bular zanjabil, limon va asalni birga qo‘llash juda xushta’m birikma bo‘lib, sog‘lom bo‘lish va uzoq umr ko‘rish retsepti bo‘lib xizmat qilgan. Uchala mahsulot ham  o‘zining xushta’m va shirinligi bilan ajralib turadi. Uning tarkibida efir moylari , vitamin va minerallar bisyor. Bu kabi tabiiy mahsulotlar doimo inson uchun faqat foyda keltirgan, bular bizning o‘lkamizda juda ko‘p. Shunday ekan, ulardan umumli foydalanashimiz  va o‘z sog‘ligimizni asrashimiz lozim.

Shunday bo‘lsa-da, zanjabil, limon va asalli birikmani qo‘llashdan oldin vrach bilan maslahatlashgan ma’qul, chunki ayrim hollarda nojo‘ya ta’siri borligini hisobga olgan holda ehtiyot choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqdir.

Saydullo RASULOV,

tibbiyot fanlari doktori.