Linkoln: Nohalol yo‘l bilan topilgan o‘n dollardan ko‘ra, halol yo‘l bilan topilgan bir dollar ko‘proq foyda keltirishini o‘rgating
AQShning 16-prezidenti Abraham Linkolnning 5 yoshli o‘g‘li Uilyamning o‘qituvchisiga yozgan maktubidan parcha.
"O‘g‘limning muhtaram o‘qituvchisi!
…Men o‘g‘limga hayotni bo‘yab-bejab ko‘rsatishingizni istamayman. U hayotda hamma ham adolatli va samimiy bo‘lavermasligini bilishi shart.
Siz unga hayotda ablahlar ham qahramonlarga aylantirilishi mumkinligini, uquvsiz va takabbur rahbarlarga ham sodiq xodimlar uchrashi mumkinligini tushuntirishdan qo‘rqmang.
Unga uqtiringki, modomiki dushmanlari bor ekan, demak do‘stlari ham bo‘ladi.
Bilaman, bunga ancha vaqt sarflanadi. Lekin imkoningiz bo‘lsa, unga nohalol yo‘l bilan topilgan o‘n dollardan ko‘ra, halol yo‘l bilan topilgan bir dollar ko‘proq foyda keltirishini o‘rgating.
Shunday ta’lim beringki, u g‘alaba nashidasini surish uchun oldin yutqazish alamini totib ko‘rish kerakligini anglasin.
Qo‘lingizdan kelsa, uning tabiatiga hasad chang solmasligining chorasini ko‘ring.
Unga maqtanchoq odamlar ustidan g‘alaba qozonish juda ham oson bo‘lishini his etishga sharoit yarating. Yana imkoningiz bo‘lsa, uni kitoblarga oshno qiling…
Shunday ta’lim beringki, u jasur, kuchli, temir irodali yigit bo‘lib ulg‘ayish bilan birga, ko‘kdagi qushlardan, qirlar uzra ochilgan gullardan va bu gullardan bol yig‘ib yurgan asalarilardan, qo‘yingki, tabiatning betakror go‘zalliklaridan ta’sirlana oladigan nozik qalbga ham ega bo‘lsin.
Shunday o‘qitingki, u hayotdagi eng mayda holatlar yuzasidan ham mulohaza qilib ko‘rishni o‘rgansin.
Men uning shu kichik yoshidanoq hayotda qalloblik qilib g‘alabaga erishgandan ko‘ra, halollik tufayli omadsizlikka uchrash afzal ekanini anglab yetishini istayman.
Uni atrofdagilar har qancha o‘z yo‘riqlariga yurgizishga urinishmasin, o‘z shaxsiy fikrlarida sobit tura olishga ham o‘rgatasiz, degan umiddaman.
Uni yumshoq fe’llilar bilan – yumshoq, qahrlilar bilan qahrli bo‘lishga o‘rgating.
O‘g‘limga mohiyatni anglamasdan turib, g‘alaba qozonganlar tarafiga o‘tib ketadigan olomonga ergashmaslikni uqtirishga harakat qiling.
Uni hammani eshitishga va har bir eshitganlarini mulohaza qilib, haqiqatni ajratib olishga o‘rgating.
O‘rgata olsangiz, mahzun vaqtda kulish kerakligiga o‘rgating.
Vaqti kelganda ko‘z yoshi to‘ka bilishni va buning hech uyatli emasligini o‘rgating.
Unga o‘ziga ortiqcha zeb bermaslik kerakligini o‘rgating.
Zarurat bo‘lganida o‘z aqli va tanasidagi mushaklar kuchini eng qimmat narxda sotishi mumkin-u, lekin o‘lsa ham yuragi, ruhi, vijdonini sotishga haqqi yo‘qligini anglating.
Unga jasur bo‘lish uchun eng avvalo sabrli bo‘lish lozimligini uqtiring. O‘tda qattiq toblangan po‘latgina yuqori sifatga ega bo‘lishini tushuntiring.
Unda o‘ziga ishonch hissini shakllantiring, shundagina u boshqalarga ham ishonch bilan munosabatda bo‘ladi.
U bilan yumshoq, lekin ortiqcha muloyimliksiz muomala qiling.
…Bilaman, Sizdan istayotganlarimni bajarish oson ish emas. Lekin, har holda so‘raganlarim orasidan qo‘lingizdan nima kelishini ajratib olsangiz ham bo‘ladi.
U ajoyib bola, yaxshi bola — mening o‘g‘lim!.. Balki u ham kelajakda dunyoning yetakchi liderlaridan bo‘lar…
Sizga cheksiz hurmat va ishonch bilan Abraham Linkoln, 1855 yil".