LNR rahbari Donbassda "haqiqiy fuqarolar urushi" borayotganini aytdi
Ukrainadagi mojaro "haqiqiy fuqarolar urushi"dir, bu haqda baralla aytish kerak, dedi Lugansk Xalq Respublikasi (LNR) rahbari Leonid Pasechnik RIA Novosti bilan suhbatda.
"Aslida, bu haqiqiy fuqarolar urushi va bu haqda jar solishga arziydi. Menimcha, uni boshqacha ko‘rib chiqish mutlaqo mumkin emas, chunki umuman olganda, xuddi o‘sha Minsk de-yure (qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan) kelishuvlariga binoan biz bugun Ukraina fuqarosimiz, ya’ni Ukrainaning qurolli kuchlari o‘z fuqarolarini o‘qqa tutmoqda, chunki biz Ukraina rahbarligiga noqonuniy yo‘l bilan kelgan siyosiy hukumat tiqishtirmoqchi bo‘lgan siyosatga rozi bo‘lmadik", dedi Pasechnik.
Ma’lumki, 2014 yil aprel oyida Ukraina hukumati fevral oyida mamlakatda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishidan keyin o‘z mustaqilligini e’lon qilgan LNR va DPR (Donetsk xalq respublikasi)ga qarshi harbiy operatsiya boshladi. BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 13 ming kishi mojaro qurboniga aylandi.
Donbassdagi vaziyatni hal qilish masalasi, jumladan, 2014 yil sentyabridan buyon davom etayotgan mojaroni deeskalyasiyalashga qaratilgan qadamni tartibga soluvchi uchta hujjat qabul qilingan aloqa guruhining Minskdagi uchrashuvlarida muhokama qilinmoqda. Biroq, mojaro ishtirokchilari o‘rtasida yarashuv bitimlaridan keyin ham otishmalar davom etmoqda.