“Lolazor” uchun mushtlashganlar

“Kitob do‘koniga “Lolazor” kelganmish!”. Ana bo‘larkan-u, qo‘limni oyog‘imga olib, kechirasiz, shoshganimdan adashib ketdim-a, oyog‘imni qo‘limga olib kitob do‘koniga chopdim. Afsus, tugab qolibdi. Necha yildan beri izlaganim, bir zamonlar talabalikda o‘qiganim, kitob javonimning eng tepasida turishini istaganim - “Lolazor” yana nasib qilmadi.

- Nahot, tugadi... Balki bitta yarim qolgandir, - dedim umid bilan. Sotuvchi qiz mening holatimga hayron bo‘ldi va dedi:

- Yana “zakaz” qilganmiz, keladi.

- Kelsa-yu, yana shu ahvol bo‘lsa-chi?! Kech qolsam-chi?! - xavotirimni aytishdan tortinmadim. 

- Siz uchun bitta olib qo‘yaman, xabar olib turing! - dedi qiz.

Naq ikki oycha xabar olib turdim. Har o‘tganimda so‘rayman. Keyingi borishlarimda so‘ramasam ham “Lolazor” kelmadi” deydigan bo‘lishdi. Ishqilib kitob do‘koni xodimalari menga “Lolazor” degan laqab qo‘yishmasin-da. Balki orqavorotdan shunday deyishayotgandir, debam o‘yladim.

Yana bir e’tiborli jihatga to‘xtalmasam bo‘lmaydi. Har kitob do‘konga kirganimda quruq chiqmadim. Bir-ikki kitob ko‘tarib chiqaman. Kitob javonim ham to‘lishib, chiroyli ko‘rinishga ega bo‘ldi. 

Kecha do‘konga kirsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, “Lolazor”ning besh-oltitasi turibdi. Ko‘zlarimga ishonmadim. Shartta ikkitasini bag‘rimga bosdim-u pulini to‘lashga oshiqdim. 

- Voy, siz ham “Lolazor”ni juft oldingizmi? – dedi sotuvchi qiz.

- Ha, bu yomonmi? – dedim. – Uchtadan olish kerakmidi? Bunday bo‘lsa yana bitta olganim bo‘lsin.

- Yo‘q, siz to‘g‘ri tushuning. Bu kitob o‘tgan kuni kelgan edi. Kim kelsa, “Lolazor”dan ikkitadan olib ketishyapti. Do‘konimiz ochilganidan beri hech qaysi kitob bu darajada sotilmagan edi, - izohladi u shosha-pisha.

- Juda ajoyib-ku. Men aniq ishonaman. Bu kitob bunga munosib, - dedim ishonch bilan unga.

Ishxonamga keldim-u, uzoq kutgan kitobimni o‘qishga sho‘ng‘ib ketdim...

Shu o‘rinda kitob haqida sizga yolg‘on, menga chin, bir voqeani aytib beraman: talabaligimizda bir hamxona kursdoshimiz “Lolazor”ni boshiga yostiq qilib yotardi. Tavba, dasturxon boshidayam shu kitob. Bo‘sh qolsa, “Lolazor, lolazor” degan qo‘shiq aytadi. “Hoy inson, buncha yopishib olding, ber qani, biz ham mundoq o‘qiylik”, desam, ushlab ko‘rishga-da qo‘ymaydi, juda g‘alati.

Qiziqishim ortib, u uxlaganda, biror joyga chiqqanda, besh-o‘n varag‘ini o‘qiyman. Qaydandir keladi-yu, shartta tortib olib qo‘yadi. “Zarur bo‘lsa topib o‘qi, lekin bunga qo‘l tekizma!”. Bilishimcha, shu yigitcha, “Lolazor”ning anchagina qismini yodlab ham olgan edi. Ba’zida undan monolog ham o‘qib qolardi.

Xullas, bo‘lmadi, viloyat kutubxonasiga borib, tanish opalarga yalina-yalina o‘qilaverganidan titilib ketgan “Lolazor”ni olib kelib o‘qidim. Tugatmaguncha “enbi” tushsayam darsga bormasdan o‘qiyverdim-o‘qiyverdim. Ba’zi sahifalarini qayta-qayta o‘qidim. 

Keyin haligi kursdoshimga aytdimki: “Endi ikkovimiz tengmiz” deb. U mudom bizni masxara qilardiki, “senlar ham yuribsizlar, “Lolazor”ni o‘qimay!”. Biz mulzam bo‘lgandek bo‘lardik o‘sha paytda. 

Sevimli yozuvchimiz Murod Muhammad Do‘stga chandon havas qildim. Shu kitobni deb yoqalashishgacha borganlarni-da ko‘rdim. Bundan ortiq yozuvchiga ne kerak, birodarlar! “Shunday asar yozsangki, kitobxon uni o‘qiyotganida hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni o‘qib bo‘lgan kuni kechasi bilan uxlamay, to‘lg‘onib chiqsa… Vaqti kelib o‘sha kitobni yana qo‘liga olganida qaytadan hayajonga tushsa… Orzum shu...”, - deb yozgan edi ustoz adib O‘tkir Hoshimov.  Ne ajabki, bu baxt Murod Muhammad Do‘stga ming bora nasib etdi, desam yanglishmagan bo‘laman.  

Kezi kelganda aytish lozim, mutolaa qilish baxtiga bizni ozmi-ko‘pmi musharraf etgan behad zahmatkash va mehnatkash barchamizning do‘stimiz Davronbek Tojialiyevga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Azbaroyi kitobga muhabbati uchun juda qattiq hurmat qilaman. Bu yigitning sa’y-harakati bilan ko‘plab topish mushkul bo‘lgan nodir kitoblar elektron ko‘rinishda “ziyo.uz” saytidan joy oldi. Hatto, “Lolazor” ham. 

Ammo biz kabi kitobni suyganlarga elektron tarzda o‘qish ancha mushkul savdo. Uch-to‘rt sahifani o‘qiguncha “dod” deyishgacha borasan, kishi. Lekin elektron shaklining boriga shukur. Buyam bir imkoniyat-da, aslida.

Uzr, ko‘p gapirib yubordim, vaqtim kamroq edi, “Lolazor”ni o‘qiyotgan edim...

Do‘stbek Sulaymonov.