Loydan mo‘’jiza yaratayotganlar qadr topadi

Kulolchilik qadimdan rivojlanib kelayotgan milliy hunarmandchilik turi sanaladi. Bundan uch ming yillar avval ham ota-bobolarimiz sopol buyumlar yasab, ulardan keng foydalangan. Katta-katta xumdonlar mahsulotni sifatli saqlashga xizmat qilgan bo‘lsa, sopol laganga suzilgan osh o‘zining mazasi bilan ajralib turgan. Xo‘sh, bugun-chi?
To‘g‘ri, hozir zamonaviy ro‘zg‘or anjomlaridan foydalanamiz. Ammo yurtimizga kelayotgan sayyohlarning asosiy e’tibori aynan kulolchilik buyumlarida. Ularni yanada rivojlantirish, milliy an’ana va qadriyatlarimizni dunyoga tanitish esa oldimizda turgan muhim vazifalardan biri.
Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 23 martda qabul qilingan “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivoji uchun ayni muddao bo‘ldi. Qarorga ko‘ra, kulolchilik an’analarini yanada rivojlantirish, “Usta-shogird” an’analarini sayqallantirish, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga chiqarish borasida juda keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Qaror kulolchilik mahsulotlarini yaratuvchi hunarmandlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, “Usta-shogird” an’analarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Jumladan, kulolchilik yo‘nalishida zarur xom ashyo bazasini yaratish, kulollarga yer maydonlari va binolar ajratish, asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash, qulay shartlarda kreditlar ajratish, hududlarda kulolchilik an’analarini tiklash va rivojlantirish maqsadida ixtisoslashgan markazlar va galereyalar tashkil etish, kulolchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor berilgan.
Qarorda 2021-2022 yillarda Samarqand shahridagi Siyob kanali o‘ng yoqasida, Obi Rahmat mahallasida kulolchilik markazlari tashkil etilishi belgilangan. Aytish kerakki, viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 59 nafar kulolning muammolaridan biri ham aynan o‘z hunarini o‘rgatish uchun maxsus joyning yo‘qligida edi. Chunki ularning aksariyati o‘z xonadonida faoliyat yuritadi. Bunday markazlarning tashkil etilishi usta kulollarimizga yoshlarga o‘z hunarini o‘rgatish, chet ellik va mahalliy sayyohlarga master-klasslar tashkil etish imkonini beradi. Hozirda 10 dan ortiq kulol mazkur markazlarni tashkil etish uchun takliflarini bildirdi.
Qarorga ko‘ra, yangidan tashkil etiladigan kulolchilik markazlaridagi turar va noturar joylarga nisbatan kulollarga mulk huquqi berilgan oydan mol-mulk va yer solig‘i uch yil davomida 50 foiz miqdorida to‘lanadi. 2021 yil 1 aprelga qadar “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xom ashyo sotib olishi va shogirdlarini ish haqi bilan ta’minlashi uchun subsidiyalar ajratiladi.
Davlat korxonalari, hokimliklar, banklar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda faoliyat olib boruvchi xodimlarga Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik bayrami arafasida, to‘y-marosim va boshqa tadbirlarda tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kulolchilik mahsulotlari to‘plamini sovg‘a qilish an’anaga aylanadi. Shuningdek, «Temir daftar», «Ayollar daftari» hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga sovg‘a qilinadi.
Kulollarimiz uchun eng asosiy mahsulot bu gil, ya’ni soz tuproq. Qarorda kulolchilikda ishlatiladigan tuproq turlari zaxiralari mavjud yerlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilishi ham aytilgan. Viloyatimizning shahar va tumanlarida kulolchilikda foydalaniladigan yerlar ko‘p. Hunarmandlar uyushmasi tomonidan “Samarqand geologiya” aksiyadorlik jamiyatiga Samarqand tumanidagi Xojigaydish konidan 2 gektar hamda Cho‘pon ota maskanida joylashgan “Konigil” hududidan 5 gektar yer foydalanish uchun ajratilishi taklifini berdik. Hozirda kulollarimiz tomonidan asosiy tuproq Konigil maskanidan olinadi.
Bugungi kunda viloyatimizda kulolchilik sir-asrorlarini chuqur o‘zlashtirgan ustalar talay. Ularning nomi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyo badiiy bezak san’ati shaydolariga ma’lum. Jumladan, O‘zbekiston xalq ustasi Xolmahmat Ismatullayev, akademik kulollar - Sharif Azimov, Xudoyberdi Haqberdiyev, Samarqand kulolchilik san’atiga katta hissa qo‘shib kelayotgan Haydar Botirov, No‘’mon Obloqulov, Dilorom Muxtorova kabi ustalar o‘ziga xos kulolchilik maktabi yaratishgan, o‘nlab shogirdlar tayyorlagan. Ularning kulolchilik mahsulotlari xorijning bir necha mamlakatlarida o‘tkazilgan hunarmandchilik ko‘rgazmalarida namoyish etilgan.
Shu jihatdan ushbu qaror ijrosiga ko‘ra, Samarqand kulolchiligining uzoq tarixi, ajoyib an’analari, shakl va mazmuni bilan bog‘liq jarayonlar davom etadi. Muhimi, Samarqand kulolchilik maktabini yanada rivojlantirishga, yoshlarimizning bu hunarga qiziqishini orttirishga, ko‘plab kulolchilik markazlari bunyod etilishiga, milliy qadriyatimiz bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.
Umid Hakimov,
“Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.