Loyish shaharchasida betartibliklarga qachon barham beriladi?

Samarqand shahridan borishda, M-37 avtomagistral yo‘lining Loyish shaharchasiga kiraverishingiz bilan yo‘lda ta’mirlash ishlariga guvoh bo‘lasiz. Uzun ichakdek muddati cho‘zilib kelayotgan bu ishlar shaharchada tartibsizliklarni keltirib chiqarmoqda.

Loyishga kirib borsangiz yanada achinarli holatlarga duch kelasiz. Shaharchaning qoq markazida yo‘l chetidagi chiqindilarga ko‘zingiz tushsa, yaqin bir oy ichida bu yerda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmagan ekan, degan fikrga kelishingiz tabiiy.

Svetofor o‘rnatilgan joy yaqinidagi avtomashinalarning tartibsizligini aytmasa ham bo‘ladi. Shu hududda ’’To‘xtash mumkin emas’’ belgisi qayirib qo‘yilgan. Go‘yoki qayirib qo‘yilsa avtomashinalar bemalol to‘xtayversin, degan ma’noni bildiradigandek.

Elektr simlari uchun o‘rnatilgan ustunlar ham yo‘l belgilari uchun, ham reklama va e’lonlar uchun xizmat qilmoqda. Piyodalar yo‘laklaridan piyodalar yurib bo‘lmaydi. Sababi, yo‘laklar tarvuz va boshqa mahsulotlar savdosi hamda avtomashinalar turar joyiga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokama qilinayotgan jarimalar oshishi to‘g‘risidagi mavzu oqdaryoliklar uchun qiziqmasdek go‘yo...

To‘lqin Siddiqov.

Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.