Loyishga kirish yo‘li karantin davrida ham asfalt qilinmoqda

Oqdaryo tumani markazi Loyish shaharchasini rekonstruksiya qilish, ko‘chalarini kengaytirish, yo‘llarni ta’mirlash ishlari ikki yil oldin boshlangandi. Jumladan, viloyat avtomobil yo‘llaridan foydalanish bosh boshqarmasining yo‘lsozlari tomonidan shaharchaga kirish yo‘li kengaytirilib, tosh-shag‘al to‘kildi va asfalt yotqiziish ishlari boshlandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay ishlar to‘xtab qoldi. Quruvchilar bu holatni mablag‘ yetishmasligi bilan izohlashdi. Chunki yo‘l qurilishi katta mablag‘ talab qiladi.

Qurilish ishlari ikki yildan buyon bir necha bor to‘xtalishlar bilan davom ettirildi. Nihoyat, joriy yilning yanvar oyidan yo‘lning chala qolgan qismini ham ta’mirlash boshlandi. Loyihaga ko‘ra, tuman markazini rekonstruksiya qilish ishlariga 45 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha 16 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan.

- Ayni paytda shaharchamizning markaziy Amir Temur ko‘chasini kengaytirish va obodonlashtirish ishlarida 60 nafardan ziyod quruvchilar mehnat qilmoqda, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Bobomurod Aralov. – Hozirgacha ular tomonidan yo‘lning 8400 kvadrat metrdan ziyod qismiga asfalt yotqizildi. O‘nta yuk mashinasi, 3 ta ekskavator, 3 ta asfalt yotqizuvchi traktordan iborat 20 ta turli transport vositalari jalb qilingan.

“Kattaqo‘rg‘on yo‘l qurilish-ta’mirlash” unitar korxonasining 28 nafar ishchilari tomonidan M-37 avtomagistral yo‘lidan to Loyish shahri ichidan kesib o‘tgan 6 kilometrlik yo‘lning 3,5 ming metr qismi 14 metrdan 21 metrgacha kengaytirilib, tosh-shag‘al to‘kildi. Yo‘l chetiga esa beton ariqlar o‘rnatildi.

- Loyihaga asosan ta’mirlash ishlari 2021 yilning dekabr oyida tugashi kerak, - deydi “Kattaqo‘rg‘on yo‘l qurilish-ta’mirlash” unitar korxonasi uchastka boshlig‘i Ravshan Ortiqov. – Ammo yurtimizda e’lon qilingan karatin holati tufayli hozirda ishchilarimizning yarmiga uylariga javob berganmiz. Shu sababli ishlarimiz biroz susayib qoldi. Karantin tugashi bilan yana ishlarni jadallashtirib, tezda yakunlashga harakat qilamiz.

Oqdaryoliklar ikki yildan buyon tuman markazining o‘ydim-chuqur ko‘chalaridan yuraverib, bezor bo‘lishgan. Ularning keng va tekis ko‘chalardan yurish orzusi tez orada amalga oshadiganga o‘xshaydi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.