Loyish dehqon bozorida o‘g‘irlik sodir etgan ikki yigit qo‘lga olindi

Joriy yilning 20 avgust kuni Oqdaryo tuman IIBga, Oqdaryo tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan B. ariza bilan murojaat qildi.

U o‘z murojaatida 2020 yil 11 avgust kuni soat 09:00 larda Oqdaryo tumani Loyish shaharchasida joylashgan dehqon bozorida joylashgan o‘ziga tegishli do‘konlaridan noma’lum shaxs jami 1.055.000 so‘mlik mulkini, shuningdek, 2020 yil 18 avgust kuni soat 10:30 larda shu bozordan Oqdaryo tumanida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan S.ga tegishli savdo do‘konidan bir dona bozor narxi 55.000 so‘mlik bolalar jinsi shimini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilib, noma’lum shaxsni aniqlab, qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Mazkur holatlar yuzasidan Oqdaryo tuman IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, ushbu o‘g‘irlik jinoyatlari Oqdaryo tuman Bozorjoy MFY da yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan G. va 2005 yilda tug‘ilgan N.lar tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ulardan ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olindi.

Holat yuzasidan Oqdaryo tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.