Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Madaniy merosimiz – Yangi Renessans poydevori

Davlatimiz rahbari BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida 2021 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” nomli xalqaro forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgandi. Shu munosabat bilan joriy yilning 13-20 sentyabr kunlari yurtimizda madaniy meros haftaligi o‘tkazilmoqda.

Madaniy meros haftaligi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi renessans poydevori” V Kongressi bilan boshlandi. Kongress Toshkent shahrida joylashgan International Hotel Tashkentda o‘z faoliyatini olib bordi.

Unda dunyoning 40 mamlakatidan 250 nafardan ziyod sharqshunos, tarixchi, arxeolog, san’atshunos olimlar, ilmiy muassasalar mutaxassislari va mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Kongress doirasida “O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi to‘plami”, “Kamoliddin Behzod miniatyuralari”, “O‘zbekiston Rossiya arxivlari to‘plamlaridagi tarixiy fotosuratlarda” kitob-albomlarining taqdimoti, Rishton kulolchiligi albomining, “O‘zbekiston yozma yodgorliklarining 100 durdonasi” faksimile namunalari nashrining, O‘rta Osiyo madaniyati tadqiqotchisi Leon Barshchevskiy fotosuratlarining taqdimoti va bir nechta ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Shuningdek, Samarqand va Shahrisabz yodgorliklarining 3D printerda tayyorlangan modellari ham namoyish etildi.

Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar o‘z faoliyatlarini seksiyalarga bo‘linib davom ettirdilar. “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” noshirlik faoliyatining yangi yo‘nalishlari, “O‘zbekiston madaniy merosi O‘zbekiston va dunyo to‘plamlari”, “Markaziy Osiyo me’morchiligi tarixining dolzarb masalalari”, “Madaniy merosni saqlash va ommalashtirishning zamonaviy jahon tajribasi” seksiyalarida soha mutaxassislarining ilmiy ma’ruzalari eshitildi va mavzuga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Kongressning ikkinchi kunida ham ishtirokchilar seksiyalarga bo‘linib, mavzuga doir ma’ruzalarni muhokama qilishdi. Jumladan, “Alisher Navoiy merosi. Buyuk mutafakkir merosiga yangicha qarash”, “O‘zbekiston qo‘lyozma yodgorliklari: asrlar qa’ridagi nur”, “Markaziy Osiyoning madaniy merosi xalqlar birligining omili sifatida” kabi seksiyalarda olimlar tomonidan ma’ruzalar qilindi hamda muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Kongress yakunida “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasida bevosita ishtirok etgan xorijlik olimlar hamda respublika muzeylariga O‘zbekiston madaniy merosining dunyo va Respublika to‘plamlaridan iborat 50 tomlik kitob-albom uchun sertifikati taqdim etildi.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi

bosh muhofizi.