“Madaniyat vazirligi va Kinematografiya agentligi biror bir taklif bermadi”: Senat raisi xalqaro reytinglardagi o‘rni tushib ketgan sohalarni tanqid qildi
Bugun, 14 aprel kuni Senatda bo‘lib o‘tgan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rni muhokama etildi.
Qayt etilishicha, 2021 yilda e’lon qilingan mamlakatimiz uchun ustuvor bo‘lgan jami 19 ta xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni aks etib, 11 tasida mamlakatimiz o‘z pozitsiyasini yaxshiladi.
Senat raisi T.Norboyeva xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlar tushib ketgan yo‘nalishlarni tanqid ostiga oldi:
“Kinematografiya agentligi tomonidan xalqaro kinobozorlar ro‘yxatini shakllantirish hamda ularda ishtirok etish choralari ko‘rilmadi.
Global innovatsiyalar indeksining “Ko‘ngilochar va media mahsulotlari bozori” indikatorida mamlakatimizning o‘rni ikki yildan beri aks etmayapti.
Qizig‘i shundaki, O‘zbekistonning o‘rnini ushbu indikatorda aks ettirish bo‘yicha Kengashning 2022 yil ish rejasiga Madaniyat vazirligi va Kinematografiya agentligi biror bir taklif bermadi.
Nafaqat bu indikator balki boshqa indikatorlar bo‘yicha ham ikkala idora ish rejaga birorta ham taklif bermagan.
Vaholanki, indeksning “Madaniy va ijodiy xizmatlar eksporti” indikatorida 2021 yilda O‘zbekistonning o‘rni 2020 yilga nisbatan 62 pozitsiyaga pasaygan”, dedi Senat raisi.
Ta’kidlanishicha, shu bilan bir qatorda ma’lum sohalarda O‘zbekiston reytinggi yuqorilagan.
Xususan, Suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, «S&P» xalqaro reyting agentligi mamlakatimiz kredit reytingini “salbiy”dan “barqaror”ga, Moody’s agentligi esa “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.
Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 2021 yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.