“Mahalla byudjeti”: Yangi tizim qanday ishlayapti? Undan kim, qanday foydalanyapti?

Yaqin-yaqingacha mahallalarda moliyaviy va ma’muriy resurs mavjud emas edi. Hatto ijtimoiy himoyaga muhtojlarga moddiy yordam ajratish ham besh bosqichdan iborat uzoq jarayonni talab qilgan.

Bu esa mahalla instituti faoliyatining samaradorligi va mustaqilligiga salbiy ta’sir qilib, faollarning “homiy” izlashi, aniqrog‘i, tadbirkorlar oldida izza bo‘lishiga olib kelardi.

2022 yilda eksperiment tariqasida soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarda, xususan, Urgut tumanida yo‘lga qo‘yilgan va joriy yilning 1 yanvaridan barcha tuman va shaharlarda joriy etilgan “Mahalla byudjeti” tizimi ayni muammoning yechimi bo‘lishi kutilmoqda. Xo‘sh, yangi tizim qanday ishlaydi? U orqali mahallalar moliyaviy mustaqillikka erishadimi? Maqolada shu va boshqa savollar atrofida ma’lumot to‘plashga harakat qildik.

“Mahalla byudjeti” o‘zi nima?

Mazkur loyihaning maqsadi mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, xususan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘ini yig‘ish ko‘rsatkichlarini oshirish orqali yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilishdir. Sodda qilib aytganda, mahalla faollari bungacha ham aholidan mol-mulk va yer solig‘ini yig‘ish ishlariga bosh-qosh bo‘lgan bo‘lsa, endi ularning ayni xizmati uchun soliqlarning bir qismi mahallaning o‘zida qoladi.

Mazkur tartib ilk marta 2022 yilda eksperiment tariqasida yo‘lga qo‘yilib, “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan yanada takomillashtirildi.

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamg‘armalar yuridik shaxs hisoblanmaydi va har bir mahalla organi huzurida tashkil etiladi. Uning mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning (noturarjoylar bo‘yicha undiriladigan mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) 10 foizi, mahalla idoralari orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yig‘imning 10 foizi hisobidan shakllantiriladi. Bundan tashqari, mahalladagi hududi 2000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini hokim yordamchisining onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan, mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar ham mazkur jamg‘armaga tushadi. Unga mahalliy byudjet prognozining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari hamda boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan mablag‘ ajratilishi ham mumkin.

Jamg‘arma mablag‘laridan mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi qarori asosida foydalaniladi.

Mablag‘ talon-toroj bo‘lmaydimi?

Bu ko‘pchilikning xayoliga keladigan asosiy savollardan biri. Jamg‘arma mablag‘ini qanday ishlatish mahalla faollarining ixtiyorida ekan, u manziliga yetib bormasligi ham mumkin-ku.

To‘g‘ri, jamg‘arma mablag‘lari mahalla ehtiyoji uchun ishlatiladi, lekin undan foydalanish uchun bir kishi emas, “yettilik” roziligi zarur. Uning ichida profilaktika inspektori ham bor. Jarayonda adolatni ta’minlashda o‘zaro tiyib turish tamoyili ishlaydi.

Yaqinda viloyatdagi mahallalardan birining raisidan jamg‘armadagi mablag‘ni qanday maqsadda ishlatyapsiz, deb so‘raganimizda, “Bu pulni ishlatish qiyin ekan. Kengash qarorini chiqarish, smeta qilish, hisobot yozish kerak. Yaxshisi tadbirkorlarimga aytaman, keragidan ortig‘i bilan tashlab ketadi”, deya javob bergan edi. Aynan shu javob yuqorida aytilgan fikrning amaliy isboti. Agar mablag‘ aniq maqsadga va hisob-kitobli yo‘naltirilsa, muammo yo‘q. Nizomga ko‘ra, buning uchun mahalladan faqat Mahalla uyushmasiga asoslovchi tegishli hujjatlarni (fuqarolar yig‘ini kengashi qarori va boshqa hujjatlar) ilova qilgan holda talabnoma taqdim etish talab qilinadi. Xalq pulining hisobi borligi, jarayon shaffofligi ayrimlarga yoqmayotganligi bor gap.

Hujjatda jamg‘arma mablag‘larini qaysi yo‘nalishlarga sarflash mumkinligi ham aniq belgilab qo‘yilgan. Bunga:

- mahalla hududidagi ichki yo‘llar, piyodalar yo‘lakchalari, yoritish tizimi, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqova suv tizimini ta’mirlash va tiklash;

- mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, mahalla hududida joylashgan sport maydoni, nuroniylar choyxonasi, yoshlar markazi, bolalar maydonchasi, kutubxona, madaniyat markazini qurish, mukammal va joriy ta’mirlash hamda ularni inventar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash;

- ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish hamda ularning turarjoylarini ta’mirlash va jihozlash;

- mahalla hududida infratuzilmani rivojlantirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish va boshqa tadbirlar kiradi.

Undan kim, qanday foydalanyapti?

Shaffoflik masalasiga kelsak, “Mahalla byudjeti” tizimi O‘zbekiston Respublikasi “Ochiq byudjet” portaliga ulangan. Bu platformada fuqarolar o‘z mahallasi jamg‘armasiga tushgan mablag‘ va uning qanday maqsadda sarflanayotganini kuzatib borishi, jarayon ustidan to‘liq jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi mumkin.

Joriy yilning 25 noyabr holatidagi ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha jamg‘armalarga jami 327,7 milliard so‘m tushgan bo‘lib, shundan 143,2 milliard so‘mi sarflangan. Viloyatimiz misolida aytadigan bo‘lsak, tushum 42,1 milliard so‘mni, xarajat esa 17 milliard so‘mni tashkil qilmoqda. Ahamiyatlisi, tushumning 3,8 milliard so‘mi mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan.

Xo‘sh, 17 milliard so‘m qayerga sarflandi? Xarajatlar ko‘rsatkichida eng ko‘p mablag‘ mahalla fuqarolar yig‘ini binosini jihozlash uchun (8,8 milliard so‘mdan ortiq) sarflanganini ko‘rish mumkin. Keyingi o‘rinlarda mahalla infratuzilmasini rivojlantirish (4,8 milliard so‘m), yoritish tizimi va elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash (2 milliard so‘m) va boshqa xarajatlar turibdi.

- Mahallamiz markazdan uzoqda joylashgan, - deydi Ishtixon tumanidagi Qiyot mahallasi raisi Tolliboy Norqulov. – Shu bois tadbirkorlik rivojlanmagan. Yaqingacha mahalla farovonligi bilan bog‘liq biror xarajatli ish chiqsa, mablag‘ni qayerdan olishni bilmay boshimiz qotardi. Mana, muammo hal bo‘lyapti. Bugungacha jamg‘armamizda 57 million so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ildi. Mahalladoshlar bilan kengashib, uning 30 million so‘miga mahalla idorasiga quyosh panellarini o‘rnatishga qaror qildik. Bu orqali binoda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan o‘ndan ortiq xotin-qizlar uchun ham qulay sharoit yaratiladi.

Oqdaryo tumanidagi Amir Temur mahallasi 8 ta qishloqdan iborat, 6400 nafardan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Hududdagi eng katta muammolardan biri elektr ta’minotidagi uzilishlar. Yaqinda mahalla faollari jamg‘armaning 40 million so‘m mablag‘iga 31 ta beton ustun xarid qilib, bir nechta ko‘chasiga o‘rnatdi.

- Bungacha mahallaning xarajatli ishi ikki yo‘l bilan hal bo‘lar edi, - deydi mazkur mahalla raisi Husniddin Egamqulov. – Biri, “Open byudjet”da yutish, ikkinchisi, raisning tadbirkorlar oldida izza bo‘lishi. Ochiq, ammo achchiq haqiqat shu. “Mahalla byudjeti” tizimi yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Mahallamiz misolida aytadigan bo‘lsam, tashabbusli byudjetda yutib ololmagan loyihamizni mahalla byudjetidan bajarishga kirishdik. Fuqarolar ham bundan xursand.

Aytish joizki, jamg‘armalarda ishlatilmay qolgan mablag‘ saqlanadi. Ya’ni, mahallangiz bu yil undan foydalanmagan bo‘lsa, kelasi yil ko‘proq mablag‘ bilan kattaroq loyihani amalga oshirish imkoniyati bor.

Asqar Barotov.