“Mahalla yettiligi” o‘qitilmoqda
Shu kunlarda viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida “mahalla yettiligi” uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Ushbu seminar Samarqand shahrida bugundan boshlandi.
Viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan maxsus jadval asosida o‘tkazilayotgan seminarlarga Davlat boshqaruvi akademiyasida tayyorlangan malakali trenerlar, mutasaddi idora va tashkilot mas’ullari jalb qilingan. Jarayonda Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi PF-209-son farmoni, PQ-402-son qarori mazmun-mohiyati hamda ularda belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha trening va mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
— Mahalla instituti katta islohotlarni boshidan o‘tkazyapti, - deydi viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi direktori Toshtemir Ergashev. – Shunday ekan, faollar ham o‘z bilim va malakasini oshirib borishi, qonunlardagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, shu vaqtgacha mahallalarda “beshlik” bo‘lgan. Biroq endi u tarkib bo‘yicha ham, vazifalar taqsimoti bo‘yicha ham takomillashdi. Xususan, rais endi mahalladagi hokim hisoblanadi. U “yettilik”ning qolgan a’zolari faoliyatini muvofiqlashtirishi, baholashi lozim. Shu bilan birga, uning ham faollar va fuqarolar oldida majburiyatlari bor. Seminar ishtirokchilariga har bir holat bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.
- 25 yildan beri mahallada ishlayman, - deydi Samarqand shahridagi Mingtut mahallasi xotin-qizlar faoli Nazokat Safarova. – Yaqingacha mahalla faollarining faoliyat yo‘nalishlari turli hujjatlar asosida belgilanib, o‘zaro muvofiqlashtirilmagan edi. Aytaylik, ijtimoiy xizmat, soliq tushumi, aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni kezi kelsa, rais ham, biz ham qilib ketaverganmiz. Yangi tuzilmada barcha vazifalar mutanosib taqsimlangan. Bu nafaqat alohida yo‘nalish, balki jamoaviy ish samaradorligiga ham ijobiy ta’sir qiladi.
O‘quv-seminarlar joriy yilning 17 fevraliga qadar davom etadi. Unda viloyatdagi 1126 ta mahalladan 6065 nafar xodim qamrab olinadi. Seminarlar yakunida ishtirokchilardan ijtimoiy so‘rov va test sinovi olinishi belgilangan.