Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni ish boshladi

Vazirlik axborot xizmati xabar berishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 150 156 ta murojaat kelib tushdi. Shuningdek, keyingi uch oy davomida vazirlik va Vazirning ijtimoiy tarmoq sahifalariga 800 dan ortiq fuqarolar murojaat qilgan.

Mamlakatning eng chekka hududlarida yashovchi ko‘plab fuqarolar mahalliy hokimlik darajasida yechim topish mumkin bo‘lgan muammolarini hal qilish maqsadida uzoq yo‘l bosib, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga murojaat qilib kelmoqda. Bu holni Vazir va vazirlik rahbariyatining shaxsiy qabulida bo‘lgan 2450 nafar fuqaro murojaatlaridan ham ko‘rish mumkin.

Ishonch telefonini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz fuqarolarining sohaga oid barcha murojaatlari, savol va takliflarini onlayn shaklda, 24 soat davomida uzluksiz qabul qilish, aholi bilan muloqot jarayonlarini yanada soddalashtirish, murojaatlarni tezkor hal etish orqali fuqarolarning mahalla tizimiga ishonchini oshirish, mahallani aholiga eng yaqin xalqchil tuzilmaga aylantirish, oilalar, xususan, xotin-qizlar hayotiga oid turli ijtimoiy muammolarni bartaraf etishdan iborat.