Jomboy tumani hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida “Obod mahalla – xavfsiz mahalla” g‘oyasini amalga oshirish borasidagi ishlar muhokama etildi.

Qayd etilganidek, mahalla jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Oxirgi uch yilda ushbu tuzilmani rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, mahalla institutiga oid 38 ta qonun va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi, 50 dan ortig‘i takomillashtirildi. Jamiyat hayotida jonbozlik ko‘rsatgan soha xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblarining oylik ish haqi o‘tgan yilning o‘zida 1,5 barobarga oshirildi.

Biroq bu joylarda kutilgan natija va samarani bermayapti. Shu bois davlatimiz rahbarining tegishli qaror va farmonlari bilan ushbu tizim faoliyatini tashkil qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida yangi idora tashkil qilindi.

Yig‘ilishda yangi - mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i va boshliq o‘rinbosarlari tanishtirildi.

Jumladan, Jomboy tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i lavozimiga Asrorov Ilyas Abbosovich tayinlangan.

I.Asrorov 2017 yildan bugungi kungacha Jomboy tumani fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlarning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Jomboy tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga Yusupova Zarifa Abdusalamovna tayinlangan.

Z.Yusupova 2019 yildan bugungi kungacha Jomboy tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Jomboy tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Qobilov Zafarjon Abduqayumovich nomzodi tasdiqlangan.

Z.Qobilov 2017 yildan bugungi kungacha Jomboy tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari-huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda.

Jomboy tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining keksalar va faxriylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Niyazov Ilhom Normuhamedovich nomzodi tasdiqlangan.

I.Niyazov 2015 yildan bugungi kungacha O‘zbekiston faxriylarining faoliyatini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi shaklidagi "Nuroniy" jamg‘armasi Jomboy tumani bo‘limi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Faollar yig‘ilishida Oliy Majlis Senati a’zosi, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Akram Xalimov ishtirok etdi.