«Mahalla» xayriya jamoat fondi va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan 109 milliondan ortiq xayriya mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.A. va tuman «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N.lar oldindan til biriktirib, tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Mahalla» xayriya jamoat fondiga hamda 2020 yilda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 million so‘m pullarni o‘zlashtirgan.

Shu bilan birga, 2020 yilda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lardan 44 million so‘mni maqsadsiz sarflab, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 16 mayda Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.