Mahallada nimalar o‘zgaryapti?
2023 yil 26 sentyabrda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida tizimni isloh qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. O‘sha yilning 21 dekabrida davlat rahbari mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon hamda «O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Xo‘sh, bu hujjatlar nimasi bilan ahamiyatli?
Yangi uyushma mahallalarning boshini biriktiradi
Eng katta yangilik O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman va shahar bo‘limlari tashkil etilishi bo‘ldi.
Uyushmaning asosiy vazifalari sirasiga mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi «ko‘prik» vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga, «mahalla yettiligi» tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishga, mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish kiradi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi konferensiyasi uning yuqori organi bo‘lib, kamida uch yilda bir marta chaqiriladi. Kadrlar masalasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 667 ta shtat birligini qisqartirib, uyushma, uning hududiy bo‘linmalari va Vazirlar Mahkamasining «Mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etish orqali yechiladi. «Mahalla» xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalarining 320 ta shtat birliklari ham qisqartirilib, uyushma va uning hududiy bo‘linmalariga o‘tkaziladi.
Ha, aytgancha, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. Bu mahallalarning faoliyati ustidan davlat idoralarining nazorat yoki monitoring olib borishiga barham beradi. Ya’ni, ular o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatidagi maqomini saqlab qoladi.
Hujjatga ko‘ra, uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosariga tenglashtirildi. O‘z navbatida uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari mazkur ta’minot sharoitlari bo‘yicha tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosariga, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimi o‘rinbosariga tenglashtirildi.
Kengashlarga hokimlar rais bo‘ladi
Tegishli farmon bilan Respublika, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari tashkil etildi. Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashiga Bosh vazir, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman (shahar) mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlariga tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va hokimlar raislik qiladi.
Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi mahallalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilovchi, daromad va xarajatlar hamda dasturlarni tasdiqlovchi oliy organ hisoblanadi. Respublika va hududiy kengashlar jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
Respublika kengashi har olti oyda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari har uch oyda, tuman va shahar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari har oyda kamida bir marotaba uyushma va boshqa davlat tashkilotlari, ularning tegishli hududiy bo‘linmalari faoliyatini baholash va muammolarni kompleks hal qilish yuzasidan yig‘iladi.
Mahallada kim, nima ish qiladi?
Aytish joizki, bugungacha mahalla faollariga 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar bilan vazifalar yuklatilgan edi. Farmonda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan «mahalla yettiligi»ni tashkil qilish belgilandi. Shuningdek, yettilikdagi har bir xodimning vazifalari aniq ko‘rsatib berildi. Quyida ularning asosiy vazifalarini keltirib o‘tamiz.
Mahalla raisi mahalla obodligini ta’minlashi, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirishi kerak. Har oyda bir marotaba mahalladagi barcha ko‘chalarda ommaviy hashar uyushtirish, kamida 2 ta ehtiyojmand oilaning ta’mirtalab xonadonida qo‘ni-qo‘shnilarni jalb etgan holda hashar tashkil etish shular jumlasidan. Bundan tashqari, u har chorakda bir marotaba madaniyat xodimlari, yozuvchi va shoirlarning aholi bilan milliy qadriyatlar va urf-odatlarni saqlash, to‘y-marosimlarni ixcham o‘tkazish bo‘yicha uchrashuvini tashkil etishi, mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarini aholi muammolarini hal etishga safarbar etishi, mahallada faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodim faoliyatiga umumiy rahbarlik qilishi lozim.
Uning vakolat muddatini 3 yildan 5 yil muddatga uzaytirish ham ko‘zda tutilgan.
Hokim yordamchisi doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligini ta’minlash choralarini ko‘rishi, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit va subsidiyalar ajratilishida ko‘maklashishi kerak. Shu bilan birga, u aholiga ijara huquqi asosida ajratilgan yer maydonlari va tomorqalarda ekilgan ekinlar va yetishtirilgan mahsulotlar hisobini yuritadi, dehqon xo‘jaliklari bilan eksportyor, broker va qayta ishlovchi korxonalarning hamkorligini tashkil etadi. Mahalladagi kambag‘al oilalarning har biri uchun «individual dastur» ishlab chiqish va ularning daromadini oshirish ham hokim yordamchisining vazifasi hisoblanadi.
Yoshlar yetakchisi mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jumladan, ularni «Besh tashabbus olimpiadasi»da ishtirok etishga jalb qilishga mas’ul. Shuningdek, ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari bandligiga ko‘maklashish uchun «Yoshlar bandligi dasturi»ni mahallada amalga oshirish, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga ko‘rsatiladigan 30 ta yordam turlaridan samarali foydalanishni tashkil etish ham uning zimmasida.
Aytish joizki, farmon bilan yoshlar yetakchisiga mahallada kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida shaxsiy namuna sifatida har oyda kamida bitta kitob o‘qishi, shaxsiy rivojlanish maqsadida «Ibrat farzandlari» loyihasi doirasida kamida 1 ta xorijiy tilni mukammal o‘rganishi belgilangan.
Xotin-qizlar faoli oddiy «Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat» tamoyillarini targ‘ib qilish, xususan, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning oldini olish, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shuningdek, u xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishi, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashishi, har oyda kamida 10 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatishni tashkil etishi, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini aniqlab, profilaktika inspektoriga xabar berishi kerak.
Profilaktika inspektori mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni ta’minlash, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishda ko‘maklashadi.
Ijtimoiy xodim og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarni aniqlash, ularning ehtiyojlariga qarab, kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va yordamlarni tashkil etadi.
Soliq inspektori tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish, soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish va mahalla byudjetining daromadini shakllantirishga mas’ul hisoblanadi.
Subsidiyani «Mahalla yettiligi» ajratadi
Shu kunlargacha mahallalarda moliyaviy va ma’muriy resurslar mavjud emas edi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarga moddiy yordam ajratish ham 5 bosqichdan iborat uzoq jarayonni talab qilardi. Farmonga ko‘ra, 2024 yilning 1 martidan boshlab jismoniy shaxslarni «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ga kiritish, shuningdek, “daftar”lar hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish «mahalla yettiligi»ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Ayni maqsadda har oyning 5-sanasiga qadar “daftar”lar uchun mablag‘larni taqsimlovchi mas’ul tashkilotlar tomonidan jamg‘armalarda shakllangan mablag‘lar “daftar”larga kiritilgan fuqarolar soniga mutanosib ravishda har bir mahalla kesimida taqsimlanadi. Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodim ularga yuklatilgan vazifalar yuzasidan jismoniy shaxslarni tegishli “daftar”larga kiritish va chiqarish hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish bo‘yicha hujjatlarni shakllantirib, «mahalla yettiligi»ning boshqa barcha a’zolariga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi.
«Temir daftar» Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan yuritiladi. Shunga qaramay, ularga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladigan yordamlar ijtimoiy xodim tomonidan «mahalla yettiligi»ga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan holda ko‘rsatiladi.
Shuningdek, hujjat bilan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab barcha tuman va shaharlarda «Mahalla byudjeti» tizimi amaliyotga joriy etildi. Har bir mahalladagi mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi bo‘lib, unga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi, mahalla idoralari orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yig‘imning 10 foizi, mahalladagi hududi 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini hokim yordamchisining onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda), mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar tushirilishi belgilangan. «Mahalla budjeti» tizimi doirasida amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oy yakuni bilan kelgusi oyning 5-sanasiga qadar «Ochiq byudjet» axborot portaliga joylashtirib boradi.
Asqar BAROTOV tayyorladi.