Mahallada yaratilgan tizim qaysi rahbarlar fidoyi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, o‘sha yerda natija beryapti - Prezident
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Mahallalardagi hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun 1 trillion 300 milliard so‘m kredit va 20 milliard so‘m subsidiya ajratildi.
Natijada hududlarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirildi, 2,5 mingta korxona quvvatlari tiklandi va oshirildi.
“O‘zbekiston tarixida birinchi marta bunday katta raqamlar amalda bo‘lganini gapiryapmiz.
Mahallada tizim va sharoit yaratganimiz, albatta, qaysi tuman va shahar rahbarlari fidoyi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, natija beryapti”, dedi Prezident.
Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 14 nafar hokim yordamchilarini mukofotlash, ijobiy natijaga erishgan 2 ming 943 nafar hokim yordamchilariga tashakkurnoma yuborish topshirildi. Ijobiy natija ko‘rsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoniga munosib nomzodlar zaxirasi ekani ko‘rsatib o‘tildi.