Mahalladoshlar bir qarich yerni ham bo‘sh qoldirmaydi

Past Darg‘om tumanidagi Istiqbol mahallasi aholisi har bir qarich yerdan unumli foydalanadi. Erta bahordan kech kuzgacha tomorqasida uch-to‘rt marta ekin ekib, shuning evaziga ro‘zg‘orini obod qilayotgan dehqonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

- Hududimizdagi 3 qishloqda jami 111 gektar tomorqa yer maydonlari mavjud, - deydi Istiqbol mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Anora O‘rinova. – Mahalladoshlarimiz bir qarich yerni ham bo‘sh qoldirmaydi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishdan tashqari hovlilarida qo‘y, mol, quyon va parranda boqadilarganlar ham talaygina.

Shu mahallaning Galabola qishlog‘idagi 1-uy Shokir Bobonazarovga qarashli. Hovliga kiraverishda ochilib turgan gullar, tartibga keltirilgan tomorqa bu xonadon egalarining mehnatsevarligi, sarishtaliligidan darak berib turibdi.

- 6 sotix tomorqamiz bor, - deydi Sh.Bobonazarov. – Fevral oyining ikkinchi yarmida kartoshka ekkanmiz, may oyida hosilni yig‘ishtirib olamiz. Uning o‘rnida lavlagi, keyin sholg‘om va turp ekamiz. Mehnat qilib kam bo‘lganimiz yo‘q. Shu birgina tomorqa bilan ro‘zg‘or tebratyapmiz, orzu-havas ko‘ryapmiz.

Mahallaning yana bir qishlog‘i Achchi deb nomlanar ekan. Ammo bu qishloqda bir-biridan shirin mevalar, sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi.

- O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham pensiyada, - deydi shu qishloqda yashovchi Yaxshigul Boysariyeva. – Nevaralarimizni yonimizga olib 6 sotixli  tomorqamizda mehnat qilamiz. 2 sotixlik issiqxonamizdan yiliga to‘rt marta hosil olamiz. Qolgan qismidan ham bir yilda uch marta foydalanamiz. Yil davomida ro‘zg‘orga kerak bo‘lgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib olmaymiz. Aksincha, o‘zimizdan ortganini bozorga chiqaramiz. Tomorqadan har yili 10-15 million so‘m, ba’zida undan ham ko‘proq daromad qilamiz.

Tomorqa — rizq-nasiba, mo‘may daromad manbai ekanligini his qilgan istiqbolliklar bozorlarimizni arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishga, dasturxonlarimizning to‘kinligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.