Mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozilmoqda

Ramazon oyi munosabati bilan Samarqand viloyatida ham mehr-muruvvat, saxovat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Nurobod tumanidagi Navro‘z mahallasi aholisi uchun yozilgan iftorlik dasturxonida ehtiyojmand, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, ro‘zadorlar ishtirok etdi.

Fayzli dasturxon atrofida kechgan suhbat jarayonida tumanda hududlarni obod qilish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Ramazon oyining fazilatlari, odamlarning bir-biriga mehr-oqibati mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.

Samarqand shahridagi Yangi hayot mahallasida o‘tkazilgan iftorlik marosimida shahar hokimi F.Umarov ishtirok etib, aholini muborak oy bilan tabrikladi. Ayni paytda yurtimizda kechayotgan 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumga tayyorgarlik jarayonlari, mazkur siyosiy tadbirning ahamiyati haqida aholiga ma’lumot berdi.

– Shahar hokimligi tashabbusi bilan yozilgan iftorlik dasturxoniga mahallamizdagi 100 nafardan ziyod kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar vakillari, nuroniylar taklif etildi, – deydi Yangi hayot mahallasi raisining keksalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abduqahhor Qudratov. – Ular davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligidan minnatdor bo‘lib, yurtimizga tinchlik, oilalarimizga totuvlik, ro‘zg‘orlarimizga baraka tilab duo qildilar.

Bu kabi xayriya tadbirlari, iftorlik marosimlari viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi mahallalarda davom etmoqda.