Mahallamizga mashhurlar keldi

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan Samarqand viloyatining barcha shahar va tumanlarida, mahallalari hamda qishloqlarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, konsert dasturlari o‘tkazilmoqda.

Samarqand shahrida boshlangan tadbirlar kecha, 25 maydan boshlab tumanlarga ko‘chdi. Uchrashuvlarda respublikamizda taniqli bo‘lgan shoirlar, yozuvchilar, teatr va kino aktyorlari hamda xonandalar ishtirok etmoqda.

- Keyingi yillarda mahallamizda juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, - deydi Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasida yashovchi Shohista Mamarasulova. – Bundan uch-to‘rt yil ilgari ko‘rimsiz bo‘lgan ko‘chalarimiz hozirgi paytda tunlari ham nurli, ko‘rkli. Shaharchamizda “Nurafshon” madaniyat saroyida har bayram arafasida tantanali tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan o‘tkazilayotgan ijodiy uchrashuvda poytaxtdan kelgan bir guruh taniqli san’atkorlar, ijodkorlar aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda. So‘z ustasi O‘tkir Muhammadxo‘jayev ishtirok etadigan konsert dasturlarini tomosha qilish orzuim edi. Bugun u va boshqa ko‘plab mashhur san’atkorlar mahallamizda uchrashuv o‘tkazdi.

Shu hafta davomida 8 ta guruhdan iborat targ‘ibotchilar ishtirokida viloyatning olis qishloqlarida ham ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

To‘lqin Siddiqov.