Mahalliy sayyohlar uchun keshbek qaytariladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev shu yil 30 aprelda "Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismi (“Cashback”) qaytariladi.
Unga muvofiq:
- aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
- temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
- joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
- teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
sayohat xarajatlari faqatgina Platforma (2022 yil 1 sentyabrga qadar ishga tushiriladi) orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.