“Biz “musorchi” emas, tozalovchi. Odamlarning bizga munosabatidan dilimiz og‘riydi”

Kimdir chiqindini hafsalasizlik bilan duch kelgan joyga uloqtiradi. Boshqa birov esa tong sahardan uni tozalash bilan ovora.

Ob-havoning qandayligi, ish yoki bayram kuni bo‘lishidan qat’iy nazar obodonlashtirish xodimlari doim shaharni orasta qilish, sog‘lom va toza muhitni yaratish uchun tinim bilmay ishlaydi. Afsuski, halovatidan kechgan tozalik posbonlarining bu mehnati har doim ham qadrlanavermaydi.

Qahramonimiz - Samarqand shahridagi Yoshlar mahallasida yashovchi To‘ychixon Haydarova. U 37 yildan buyon shu sohada ishlab, shaharning obodligi uchun munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

- Har bir kasbning o‘ziga yarasha mashaqqati bo‘ladi va ana shunday kasblardan birini tanlaganimdan afsuslanmayman, - deydi 54 yoshli To‘ychixon opa. - Obodonlashtirish sohasida hamma ham ishlayvermaydi. Chunki maosh kam, ish ko‘p. Lekin ro‘zg‘or tebratishga yetadi. Shu kasbim ortidan ikki o‘g‘il, bir qizimni o‘qitib, uy-joyli qildim. Ko‘chada bashang kiyingan, qimmat mashinada yuradigan odamlarga havas qilardim. Allohga shukr, bolalalarimni hech kimdan kam qilmadim, hayotda o‘z o‘rnini topishdi.

Bizga Samarqand shahridagi Islom Karimov va Shohi Zinda ko‘chalari biriktirilgan bo‘lib, mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum ushbu hududlarda 30 nafardan ziyod xodim bilan mehnat qilyapmiz. Ishimiz oson emas. Har kuni tong sahardan belgilangan hududlarda tozalash ishlarini olib boramiz. Shu bilan birga, bahorda gul va daraxtlar ekamiz, yozda gazonlarni ko‘kartiramiz, kuzda barg-xazon mavsumi, qishda esa ko‘cha va yo‘laklarni qordan tozalaymiz. Xullas, to‘rt mavsumda ham bizga ish har doim topiladi.

“Aybimiz odamlarning chiqindisini tozalaganimizmi?”

To‘ychixon opa bilan suhbatlashar ekanmiz, aksariyat hollarda odamlarning obodonlashtirish xodimlariga nisbatan munosabatidan va ularning mehnatini qadriga yetishmayotganidan ranjishini aytdi.

- Ko‘pchilik bizni "musorchi" deydi, aslida biz tozalovchi, - deya ko‘ziga yosh oladi To‘ychixon opa. - Hozir shahrimiz ko‘chalarida chiqindi qutilari o‘rnatilgan, maxsus joylar tashkil etilgan. Ammo odamlar duch kelgan joyga chiqindi tashlaydi. Aybimiz ularning chiqindisini tozalaganimizmi? Shunday paytda ular bizning o‘rnimizga ota-onasini qo‘yib ko‘rishsa, dilimiz qanchalik og‘rishini biladi. Rosti, bunaqa holatga ko‘nikib ham qolganmiz. Farzandlarim yoshim o‘tganini, endi dam olishimni ko‘p aytishadi. Lekin kasbimni yaxshi ko‘raman, ishlashga o‘rganib qolganman. Nasib qilsa, pensiyaga chiqsam, ishimni yakunlayman.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.