Qahramonlarni davr yaratadi

Bu jumlani avval qayerdadir o‘qigandim. Ammo o‘shanda mazmunini jiddiyroq o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Dunyoda yuzaga kelgan vaziyat o‘zimiz, o‘zligimiz, tabiat, jamiyat va inson haqida mushohada yuritishga majbur qilyapti. Haqiqatan, nihoyatda tarang, oldindan bir narsa deyish qiyin bo‘lgan tarixiy davrni boshdan kechirmoqdamiz. Qariyb 1 million yil davomida olamga hukmronlik qilgan insoniyat xavf ostida qolgandek. Shunday tahlikali paytda ham atrofimizda qahramonlar yashayotganini o‘ylash ko‘ngildan iliq kechinmalar o‘tkazadi.

...Men u kishini tanimayman. Ammo kunda bo‘lmasa ham kunora unga duch kelaman, desam mubolag‘a emas. Ehtimol, bu kasbni men tug‘ilmasimdan ancha avval boshlagandir. Gap erta tongda tumanimiz ko‘chalarini supurib yuradigan ayol haqida boryapti.

U Jomboyni o‘ziga tegishli, deb o‘ylaydi. Vijdonan o‘ylab ko‘rsam, aslida ham shunday ekan. Men va menga o‘xshagan minglab yoshlardan ko‘ra, tumanimizga uning nafi ko‘proq tegyapti...

Bola edik. Adashmasam, 4-5 sinfda o‘qib yurgan kezlarim. “Jomboy tongi” tahririyatiga ilk qoralamalarimni olib borgandim. Yozganlarim xom ekanmi, muharrir talabchanlik bilan tahrir qildi. Negadir, bundan qattiq ta’sirlandim. Ko‘chaga chiqdimu, endi hech qachon she’r yozmayman, deb qaror qildim. Daftarimni g‘ijimlab yo‘l chetiga uloqtirdim. Farrosh ayol bilan ilk bor o‘shanda tanishganman.

U menga qarab qo‘ydi-yu yana ishini davom ettirdi.

Keyinchalik ijod mening taqdirim ekanini tushunib yetdim. Qiziq, o‘sha ayol ham kasbini shuning uchun tark etolmasa kerak. Chindan ham u eng fidoyi inson edi. Bunga ko‘p yil bo‘ldi. Farrosh ayol yoshroq edi...

Karantin sabab o‘qishdan ta’tilga chiqdik. Tunov kuni do‘konga chiqishimga to‘g‘ri keldi. O‘sha ayolga yana duch keldim. Keksayibdi...

Odamlar xastalik yuqtirib olmaslik uchun yaqinlaridan ham o‘zini tortgan bir paytda u tumanimiz ozodaligi uchun hamon mehnat qilyapti. Jomboylikman degan nomga ko‘pchiligimizdan ko‘ra, u haqliroq ekanini dildan tuydim...

Bugun tibbiyot xodimlarini davr qahramonlari, deyapmiz. Hech mubolag‘a yo‘q. Yuzlab shifokoru hamshiralar xastalik yuqtirib olgan yurtdoshlarimizni davolash uchun jonlarini xavfga qo‘yishayotgani rost. Shu bilan bir qatorda obodonchilik tizimi xodimlarini ham qahramonlar qatoriga qo‘shsak arziydi.

Kecha onam bir gap aytib qoldi. Qo‘shnimiz ehtiyojmandlar uchun bepul tibbiy niqob tikib berayotgan ekan. Bir qarashda bu oddiy holdek tuyuladi. Bugun yurt boshiga sinov tushganda xayriyaga bel bog‘lagan saxovatpesha insonlar shukurki, ko‘p. Ammo... qo‘shnimizning o‘zi nogiron.

Onamning aytishicha, tuman hokimligiga murojaat qilibdi. Agar xomashyo yetkazib berishsa, haq olmay niqob tikib berishini aytibdi. Negadir bu hol menga o‘zgacha ta’sir qildi. Kimlardir vaziyatdan foydalanib, narxni oshirishday pastkashlikka qo‘l urayotgan bir paytda imkoniyati cheklangan ayolning fidoyilik ko‘rsatishi hammamizga ibrat emasmi? Davr o‘z qahramonlarini yaratgani shu aslida!

Ko‘p o‘yladim. Xo‘sh, men-chi?!

Ayni paytda yoshmiz. Bizning qo‘limizdan keladigan birdan bir ish uyda qolib, duo qilish. Hukumat tomonidan belgilangan qoidalarga bo‘ysunish eng katta qahramonlik.

Ammo ko‘nglim to‘lmadi. Qo‘l qovushtirib turgim kelmadi. Hech bo‘lmasa, haqiqiy fidoyilik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarim haqida nimadir yozib, ularga minnatdorligimni shu yo‘sin bildiray dedim. Bu mening sinov paytida xalqim birdamligiga qo‘shgan hissam bo‘lsin.

Nilufar Omonova,

O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi.