Farroshga salom bering...
Ular quyosh ufqdan bosh ko‘tarmasdan ishga otlanishadi. Kunning sovug‘i, yozning jaziramasi go‘yo ularga tahdid qilmayotgandek. Qo‘liga supurgini olib, ko‘chalarni tozalaydi, chiqindilarni yig‘ishtiradi. Ishga hammadan barvaqt kelib, uyga hammmadan kech qaytadi.
Biz hikoya qilayotgan ozodalik posbonlari - obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari qalbidagi muhabbat, kasbiga fidoyilik tufayli bu ishlarni vijdonan bajaradi. Ular bilan suhbat qilishga harakat qildik. Ammo kamsuqum, o‘z ishining fidoyilari gaplashib vaqt o‘tkazgandan ko‘ra, ishimni tezroq bitiray, deydiganlardan ekan. Qishning izg‘iriniga qaramay, ko‘cha bo‘ylaridagi xazonrezgilarni tozalab, atrofni saranjom qilib qo‘yadi.
- 12 yildan beri temiryo‘l atrofidagi ariqlarni tozalayman, - deydi Aslam Nurullayev. - Ayolim bilan birga ishlaymiz. U ko‘chalarni supuradi. Erta tongda odamlar hali ko‘chaga chiqmasidan tozalash ishlarini boshlaymiz. Ertalab soat oltidan kech soat oltigacha ko‘chalarning ozodaligiga mas’ulmiz. Tozalik ostonadan boshlanadi, deyishadi. Vokzal mehmonlarning ilk bor nazari tushadigan ostona. Bu yerning obodligi bizning yuzimiz. Afsuski, ayrimlar tozalovchi kishilar bor-ku, oylik olib yotishibdi, tozalashadi-da, deyishadi. To‘g‘ri, bu bizning kundalik vazifamiz. Shaharga chiqindi qutilarning o‘rnatilgani birmuncha ishimizni yengillashtiryapti. Ammo ayrimlar yonida chiqindi qutisi turib, sal beriroqga tashlaydi. Axir odamlarda ham ozodalik bo‘yicha madaniyat shakllanishi lozim-ku. Bizni ranjitayotgani daraxtlar, reklama bannerlarining ustunlariga qo‘shtirnoq ichidagi tardbirkorlar tomonidan reklamalarni ilinayotgani. Biz ularni tozalab chiqamiz, kechasi yana yopishtirib ketishadi. Axir Samarqandning ozodaligi uchun barchamiz mas’ulmiz-ku!
Soat 10.00. O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi atrofi. Bir guruh xodimlar chiqindi tashuvchi mashinaga xazonlarni ortmoqda.
Qorasuv massivida yashovchi farrosh opa Farida Soatovani suhbatga tortamiz.
- Povorotdan Samarqand qishloq xo‘jaligi institutigacha bo‘lgan hududda ko‘pchilik bizni taniydi, - deydi Farida opa. – 8 yildan beri shu hududda ishlayman. Bizning ishimizni ko‘pchilik parda ortidan gapirishadi. Lekin halol mehnat qilib, pul topyapmiz. Ro‘zg‘or tebratyapmiz, boriga shukur qilyapmiz. Erta tongda hech ko‘cha bo‘ylarini kuzatganmisiz? Tushdan so‘ng hamma joyni yig‘ishtirib, tozalab ketamiz. Ertalab esa maysalarda chiqindilar, bakalashkalar, bekatlar atrofidagi tartibsiz holatni ko‘ramiz. Odamlar hali ishga otlanmasdan, shaharning xunuk manzarasini tozalaymiz.
Bugun Samarqand shahrida 1300 nafarga yaqin obodonlashtirish xodimlari faoliyat yuritmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2019 yilning 4 iyun kuni «Aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan obodonlashtirish xodimlariga bir qator ustamalar to‘lanadi. Jumladan, obodonlashtirish bo‘linmalari xodimlariga ovqatlanish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida kompensatsiya belgilanadi. Bu ham soha xodimlariga ko‘rsatilgan e’tibordir.
- 2019 yilda obodonlashtirish xodimlari o‘rtacha 700 ming so‘mdan ziyod oylik ish haqi olgan bo‘lsa, 2020 yil yanvardan ovqat puli va 15 foizlik ustama bilan ularning oyligi 1200000 so‘mdan oshadi, - deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi xodimi Shohruz Nurullayev. – Shuningdek, xodimlar bayramlarda, har chorakda ham moddiy rag‘batlantiriladi. Bugungi kunda boshqarma xodimlari tomonidan shaharning Bog‘ibaland, Temiryo‘l, Siyob, Bog‘ishamol va Qorasuv hududlari obodonlashtirilmoqda. Ishchilarning aksariyati Jomboy tumanidan. Ularni olib borish va olib kelish uchun avtobus tashkil etilgan. Bu yil Germaniya davlatidan 7 ta supurish-sidirish va beton qoplamalarini tozalash maxsus texnikasini hamda yo‘llarga chiziqlar chizish uchun Rossiyadan 2 ta texnika olib keldik. Hozirda 100 dan ortiq maxsus texnikalar obodonlashtirish ishlarida foydalanilyapti. 2020 yilda maxsus texnikalarimiz sonini 158 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ham xodimlarning mehnatini yengil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Obodonlashtirish xodimlari bilan suhbatlashib, ularning bir kunlik mehnati qanchalik og‘ir ekanligiga guvoh bo‘ldik. Qishning izg‘irin kunida ham ko‘chalarni supurishdan, xazonlarni tozalashdan charchamagan opalarimizning fidoyiligi tahsinga sazovor. Aslida shahrimizni toza va ozoda saqlash barchamizning burchimiz. Ammo kechki payt bekatdagi manzarani ko‘rib, bu burchni unutayotganlar hamda munis opajonlar mehnatini qadrlamayotganlar ko‘pligiga achindim.
Qarang, tong saharda bir ayol ko‘cha supurayapti, sizning yo‘lingizni tozalayapti. To‘xtang, unga salom bering, iloji bo‘lsa, «Hormang opa», deb qo‘ying.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.