Mahalliylashtirish: 2025 yilda Samarqandda 119 ta loyiha bo‘yicha 2,8 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda  

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlanayotgan iqtisodiyotning asosi hisoblanadi.

 Mamlakatimiz taraqqiyotining keyingi yetti yilida mahalliylashtirish sanoatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Tarmoqlar va hududlar doirasida mahalliylashtirish dasturlari shakllantirildi, korxonalarga import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha manzilli yordam berib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy sanoat mahsulotlarining davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirish maqsadida cooperation.uz elektron kooperatsiya portali yaratildi. Sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari faoliyati doimiy tarzda tashkil etib borilmoqda.

Samarqand viloyatining 2024 yildagi mahalliylashtirish dasturida 64 ta korxonaning 105 ta loyihasi doirasida 2,8 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, reja 119,2 foizga bajarildi. 550 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 114,6 mln.dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Viloyatning bu yilgi mahalliylashtirish dasturiga 119 ta loyiha bo‘yicha 2,8 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Jumladan, 38 ta loyiha yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga va 81 ta loyiha mavjud loyihalarni kengaytirishga qaratilgan.

Doimiy asosda “ichki bozor ehtiyojlarini o‘rganish – importni tahlil qilish – resurs bazasini aniqlash – yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish” tamoyili asosida ishlash orqali mavjud imkoniyat va salohiyatdan foydalanish, yangi ishlab chiqarishni tashkil etish yo‘nalishida tadbirlarga ustuvorlik beriladi.

Mamlakatimizda qurilish sohasining jadal rivojlanishi qurilish materiallariga talabni oshib borayotganligiga olib kelmoqda. Shuning uchun mahalliy mineral va boshqa xom ashyo manbalarini foydalanilgan holda qurilish materiallarini ishlab chiqarishga investitsiya kiritish yaqin yillarda mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga jozibador bo‘lib qoladi.

Viloyatimizda bu yo‘nalishda juda katta imkoniyat bor. 185 ta noruda konlarda 3,2 mln. tonna kaolin, 17,6 mln. tonna ohaktosh, 149 mln. metr kub tabiiy pardozbop toshlar, 61 mln. tonna gips va angidrid, 1,6 mln. tonna dala shpati, 10,2 mln. tonna shisha va 537 mln. tonna sement xom ashyosi mavjud. Agar 2024 yilda respublika bo‘yicha 89 million dollarlik marmar, granit kabi qurilish mahsulotlari import qilinganligini e’tiborga olsak, ehtiyoj mavjud bo‘lgan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish orqali import o‘rnini bosish, valyutani chiqib ketishning oldini olish mumkin.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning yangi bosqichi

Mahalliylashtirish siyosatini izchil davom ettirish, import qilinib kelayotgan har bir mahsulotni mahalliylashtirishni o‘ylashimiz kerak. Viloyatimizda import ulushi va salmog‘i katta tovarlardan biri – farmatsevtika mahsulotlaridir. Respublikamiz bo‘yicha dori vositalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadigan korxonalarning katta qismi viloyatimizda joylashgan bo‘lib, ular tomonidan 2024 yilda 255,2 mln. dollarlik farmatsevtika mahsulotlari import qilingan va 2023 yilga nisbatan 11,9 foizga o‘sish bo‘lgan.

Viloyatda “SAMARKAND ENGLAND ECO MEDICAL” qo‘shma korxonasida infuzion va tabletka shaklidagi dori vositalari, “OPTIMA SOBIRJON” MChJda tibbiyot qo‘lqoplari va infuzion sistemalar, “URGUT FORTUNA MEDICAL”  korxonasida suyuq shaklidagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilib, ularning assortimentini kengaytirish ustida ishlar olib borilmoqda.

Oqdaryo tumanidagi “VAKTSINA MEDICAL” korxonasi tabletka va kapsula shaklidagi va Jomboy tumanidagi “POLIDAR PHARM” korxonasi sharcha shaklidagi (suppozitariy) dori vositalari ishlab chiqarish quvvatlarini yaratgan.

Mahalliylashtirish siyosati nafaqat import o‘rnini bosadigan butlovchi buyumlar va mahsulotlar ishlab chiqarishga, balki amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini, mahalliy kontentni oshirishga qaratiladi.  Bu ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yangi bosqichi uchun belgilangan birinchi yo‘nalish bo‘lib hisoblanadi.

Viloyatimizdagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasida mahalliy va xorijiy investorlar dastlabki sex qurilishidan boshlab mahalliy kontentni ko‘paytirishga qaror qilishdi. Birinchi navbatda, ishlab chiqarish binolarini qurishda zarur bo‘lgan sendvich panellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va o‘z ehtiyojlari uchun sendvich panellarni korxonada ishlab chiqarmoqda. Shuningdek, korxona mahsulotlari qurilish materiallari bozoriga ham sotilmoqda.

Yangi sexlarni qurishda zarur bo‘lgan metalldan tayyorlanadigan konstruksiyalarni import qilmasdan, ishlab chiqaruvchi chizmalari asosida korxonaga olib kelingan metalldan yasash va o‘rnatish yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali korxona uchun yana bitta biznes yo‘nalishi – buyurtma asosida metall konstruksiyalarni tayyorlash xizmati paydo bo‘ldi.

Viloyatimizda 2025 yil uchun rejalashtirilgan umumiy qiymati 2,8 mlrd. dollar bo‘lgan 77 ta investitsion loyiha bo‘yicha 1,3 mlrd. dollarlik mahalliy kontent belgilab olindi. Bu loyihalar doirasida mahalliy mahsulotlar va xizmatlardan keng foydalanish natijasida import o‘rnini bosish bo‘yicha 478,7 mln. dollarlik samaradorlikka erishish rejalashtirilgan.

Fikrimizcha, mahalliy kontentni kengaytirishni hududlarda har bir investitsion loyihaga qo‘llash maqsadga muvofiq. Bunda loyihabay ishlash tizimini chuqurlashtirish, har bir loyihaning tashabbuskor tadbirkor bilan chuqur muhokama qilish zarur.

2025 yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 1,4 mlrd. dollarlik 108 ta loyiha amalga oshirish prognozi berilgan. Ularda mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 432 mln. dollarni tashkil etishi mumkin. Agar ular import qilinmasdan mahalliy korxonalardan xarid qilinsa, bu korxonalar uchun 5,7 trln. so‘mlik ishlab chiqarilgan mahsulot bo‘ladi.

Mahalliylashtirishni kengaytirishdagi ikkinchi yo‘nalish hududlarda amalga oshirilayotgan strategik xom ashyo ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotini qayta ishlash bosqichlarini tashkillashtirishdir.

“AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasida yiliga 120 ming tonna ruxlangan va polimerlangan tunuka mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega sex faoliyat ko‘rsatmoqda. Ichki va tashqi bozorda bu mahsulotlarga o‘sib borayotgan talabni hisobga olgan holda qo‘shma korxona ta’sischilari ishlab chiqarishni kengaytirishga qaror qilishdi. Yillik quvvati 360 ming tonna bo‘lgan yangi sex ishga tushish arafasida. Ushbu sex ishga tushishi bilan korxona bozorga 4 barobar ko‘p turli qalinlikdagi ruxlangan va polimerlangan tunuka mahsulotlarini chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ushbu korxonaning 2025 yil oxirida ishga tushirilishi rejalashtirilgan eritish sexida ishlab chiqariladigan 800 ming tonna o‘ramali metall mahsulotlari uchun bozor topish zarur. Uning qariyb 60 foizi korxonaning ichki iste’moliga ketgan taqdirda ham qolgan qismiga bozor topish ustida oldindan ishlash muhim hisoblanadi.

Uchinchi yo‘nalish – yirik tarmoq korxonalari mahalliy korxonalarni “Shatakka olish” tizimi orqali ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish.

Bunda respublikada ishlab chiqarilmaydigan va mahalliy korxonalarga o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan yangi mahsulot turlari salohiyatli ishlab chiqaruvchilarga taklif qilinadi va mahsulotga bo‘lgan texnik parametrlar, sifat ko‘rsatkichlari, yillik talab hajmi, maksimal xarid narxi, shuningdek, standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha talablar qo‘yiladi. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgandan so‘ng mahsulot ishlab chiqarilgunga qadar tarmoq korxonasi mahsulotga qo‘yilgan talablarga erishish bo‘yicha ishlab chiqaruvchiga ko‘mak ko‘rsatib, jarayonni kuzatib boradi.

Bu esa ertaga mahsulot ishlab chiqarilgandan keyin uni xarid qilish jarayonida turli xil vajlar bilan rad qilishning oldini oladi.

“Shatakka olish” tamoyili asosida sanoatda kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish tajribasi Navoiy kon-metallurgiya kombinatida yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va hozirgi kunda Navoiy viloyatida shu yo‘nalish orqali jadal rivojlangan korxonalar safi kengayib bormoqda.

Bizda bugungi kunda MChJ shaklidagi “SAM AUTO” qo‘shma korxonasi tomonidan ushbu tizim qo‘llanilib, bir qator korxonalar “shatakka” olingan. Masalan, korxonaga 2024 yilda Past Darg‘om tumanidagi “ESMAK AUTOMOTIVE” MChJ avtobuslar uchun 38 milliard so‘mlik avtomatik eshiklar, haydovchi va yo‘lovchilar o‘rindiqlari, konditsionerlar, “LOGIC AUTOMOTIVE AND ENGINEERING” xorijiy korxonasi yuk avtomobillari uchun 1,3 mlrd. so‘mlik karkaslar, Samarqand shahridagi “SHERDOR ELITA PLAST” MChJ 2,8 mlrd. so‘mlik avtotent, shamol qaytargich, stekloplastik qoplamalar,  Ishtixon tumanidagi “MITAN O‘G‘DU ELEKTRIK” MChJ 4 mlrd. so‘mlik avtobus, yuk avtomobillari salonlarini yoritish va isitish tizimlarini yetkazib bergan.

Shu tizimni respublikaning barcha hududlarida kamida bitta yirik korxona asosida tashkil etish lozim.

To‘rtinchi yo‘nalish – import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliy muqobil ishlab chiqaruvchilar mahsuloti bilan almashtirish.

            Bugungi kunda viloyatimizda 39 ta yog‘ ishlab chiqarish korxonasi mavjud bo‘lib, ularning quvvati 40-50 foizga yuklangan, xolos. Shu sababli o‘tgan yil viloyatga 24,7 mln. dollarlik kungaboqar yog‘i import qilingan.  Bugungi kunda “0” stavkada bojxona orqali kirib kelayotgan yog‘ mahsulotlariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lab kelayotgan mahalliy korxonalar raqobat qila olmayapti. Yog‘ bozorida xorijiy va mahalliy korxonalar uchun teng raqobat muhitini yaratish, import bojlarini qayta ko‘rib chiqish nafaqat yog‘ ishlab chiqaruvchilardagi ish o‘rinlarini saqlab qolish va soliq tushumlarini oshirishga, balki kungaboqar chiqindisidan yem sifatida foydalanish natijasida chorva va parranda go‘shti miqdori oshishi va tannarxi pasayishiga ta’sir ko‘rsatadi. 2024 yilda viloyatimiz tadbirkorlari 2,4 mln. dollarlik 21,2 ming tonna kungaboqar kunjarasini import qilgani e’tiborga olinsa, bu masalaning yechimi yetarli samara berishiga ishonchni mustahkamlaydi.

            Yana bir misol, 2024 yilda viloyatga 21,5 mln. dollarlik 13 400 tonna tovuq go‘shti import qilingan. Ayni paytda mahalliy parrandachilik xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat to‘lovchilari bo‘lganliklari uchun import bilan narxlarda raqobatlasha olmayapti, quvvatlardan to‘liq foydalanilmayapti, sohaning rivojlanishiga to‘siq bo‘lyapti.

            Ikkinchidan, ishlab chiqarish bor, lekin mavjud quvvatlar iste’molni to‘la qoplay olishga yetmaydigan mahsulotlar bo‘yicha quvvatlarni oshirish va yangi quvvatlarni tashkil qilish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalari shakllantirish zarur.

            Viloyatda qurilishlar uchun kafel ishlab chiqarish bo‘yicha “PRIME CERAMICS” MChJ, fasad g‘ishtlari ishlab chiqarish bo‘yicha “CERAMIC BRIKS” qo‘shma korxonasi mahsulotlari ichki ehtiyojni to‘la qondira olgani yo‘q. Shu sababli 2024 yilda viloyatga umumiy qiymati 7,6 mln. dollarlik 22,1 ming tonna kafel va umumiy qiymati 853, ming dollar bo‘lgan qoplama g‘isht mahsulotlari import qilingan.

            Hozirgi kunda Nurobod tumanida Avstriyaning “Lasselsberger” xorijiy kompaniyasi tarkibidagi “Cemix” xorijiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 110,0 mln. AQSh dollarlik, yiliga 5,0 mln. kv.m. yirik formatli keramogranit va 2,0 mln.kv.m. fasad plitalari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boshlangan.

            Shuningdek, o‘tgan yil viloyatimizga umumiy qiymati 9,7 mln. dollar bo‘lgan 2 400 tonna mol go‘shti va qiymati 354,4 ming dollar bo‘lgan 119,2 tonna qo‘y go‘shti import qilingan. Bu ma’lumotlardan chorvachilik sohasida qoramol va qo‘ylarni boqishni kengaytirishga qaratilgan yangi investitsion loyihalarga ehtiyoj kattaligini ko‘rish mumkin.

            Uchinchidan, O‘zbekistonda umuman ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlar bo‘yicha istiqbolli loyihalarni shakllantirish va salohiyatli mahalliy va xorijiy investorlarga taklif etish lozim. Masalan, turli asbob-uskunalar, instrumentlar, yarim o‘tkazgichlar va elektronika uchun mikrochiplar, shisha linzalar shular jumlasidandir.

Beshinchi yo‘nalish – mahalliy korxonalar orasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarini sotish uchun shart-sharoitlar yaratish. Bu borada Samarqand shahridagi “SAM AUTO” korxonasi qoshida avtomobilsozlik korxonalari sanoat kooperatsiyasi shtabini tuzib, uning faoliyatiga viloyatdagi metallni qayta ishlash va plastik mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini taklif etib, tizimli tarzda sanoat kooperatsiyasi jarayoniga qo‘shilish, “shatakka olish” tamoyili joriy etish ishlari olib borilyapti. Jumladan, “DAMAS” rusumli avtomobillar uchun 5 turdagi turli butlovchi buyumlar ishalb chiqarish loyihalari shakllantirildi.

Oltinchi yo‘nalish – tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahalliy sanoat korxonalari mahsulotlarini ichki bozorda sotish, ularning eksportiga ko‘maklashish davom ettiriladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar cooperation.uz elektron kooperatsiya portali faoliyati, uning funksiyalari kengaytirib boriladi, davlat xaridlarida bu portal ishtirokchilariga ustuvorlik berilishi davom ettiriladi.

Shu bilan birga, hududlarda sanoat yarmarkalari orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini tanitilishini kuchaytirish va sotilishini ko‘paytirish tadbirlari yo‘lga qo‘yildi va 2025 yilda hududiy sanoat yarmarkalari davom etadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021 yilda Jomboy tumanida davlat-xususiy sheriklik asosida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatadigan “SOF EXPO SAMARKAND” xalqaro ko‘rgazmalar markazi tashkil etilgan edi. 2024 yilda markazda turli yo‘nalishdagi 8 ta ko‘rgazma o‘tkazildi. 2025 yil 22-25 fevral kunlari ushbu majmuada bo‘lib o‘tgan an’anaviy “Qishloq xo‘jaligi texnikalari, texnologiyalari AGRO EXPO 2025” IV Xalqaro ko‘rgazmasida mamlakatimiz tadbirkorlari bilan birga Rossiya, Turkiya, Xitoy, Eron davlatlaridan 110 ta korxona 4 mingdan ortiq mahsuloti bilan ishtirok etdi. Ko‘rgazmada 70 mlrd. so‘mlik shartnomalar imzolanib, ko‘plab memorandumlar rasmiylashtirilib, o‘zaro manfaatli hamkorlik muzokaralari bo‘lib o‘tdi.  

Yettinchi yo‘nalish – mahalliylashtirilgan mahsulotlar, butlovchi buyumlar tannarxini pasaytirish, sifatini oshirish ustida ishlash. Bu yo‘nalish nafaqat mahalliylashtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, balki barcha mahalliy ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning doimiy diqqat markazida bo‘ladigan masala. Uning dolzarbligi mamlakatimizning Jahon savdo tashkiloti  (WTO)ga a’zo bo‘lishi munosabati bilan yanada oshadi. Chunki unda mahalliy tadbirkorlar yuqori sifatni ta’minlash bilan birga xorijiy biznes bilan raqobatbardosh narxlarni taklif etgandagina o‘z bozorini saqlab, barqaror rivojlanishda davom etishi mumkin.

Nozir Ibragimov,

viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi, iqtisod fanlari doktori, professor.