Mahdumi A’zam va Naqshbandiy tariqatining so‘nggi namoyandalari

Bugungi kunda Samarqandda yashab o‘tgan buyuk allomalar asarlari ustida tadqiqotlar olib borilib, bu asarlar qayta chop etildi. Yaqinda tarixchi olim Komilxon Kattayev buyuk allomalar haqida ma’naviy qimmatga ega bir qator kitoblarni nashr qildi.

Ulardan biri «Majmua ar-risoil» to‘plamidir. Naqshbandiya tariqatining buyuk vakili Mahdumi A’zam Dahbediy bu tariqatning ulug‘ligini ilk bor ilmiy jihatdan isbotlab bergan, bu haqda o‘nlab ilmiy-nazariy asarlar yozgan. Aksariyat asarlari “Majmua ar-rasoil” to‘plamiga jamlangan. Muallifning 30 ga yaqin risolalarini o‘z ichiga olgan ushbu to‘plam nusxalarini dunyodagi barcha yirik sharq qo‘lyozma kutubxona xazinalarida uchratish mumkin.

Ammo uning muallif o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan nusxasi Mahdumi A’zam avlodlaridan Kattaxonxojai Dahbediy (1868-1969) ning shaxsiy kutubxonasida mavjud bo‘lib, bu to‘liq va kamchiliksiz, mukammal nusxa deb tan olingan.

Ushbu to‘plam asosan tasavvuf ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda Qur’oni karim oyatlari, Hadisi sharif va Sharq tafakkurining ilg‘or namoyandalari fikrlari tahlil etilib, ilmiy-nazariy xulosalar bayoni berilgan. Ushbu to‘plamni Mahdumi A’zam Dahbediyning o‘z davri ustuvor tariqati hisoblangan Naqshbandiya silsilasining nazariy qonun-qoidalari jamlanmasi deyish mumkin.

Yurtimizda Naqshbandiya tariqati bilan bir qatorda Yassaviya tariqatining ham o‘rni katta. Ushbu tariqatning so‘nggi vakillaridan biri Jo‘sh Ota haqida nashrdan chiqqan “Jo‘sh ota va Yassaviya silsilasi tarixi” kitobida batafsil bayon qilingan. Jo‘sh ota tariqat peshvosi Xoja Ahmad Yassaviyning to‘rtinchi xalifasi bo‘lgan Hakim otaning nabirasi bo‘lib, hozirda Jo‘sh ota nomi bilan tanilgan mavzeda faoliyat yuritgan, ushbu manzilda yashab, shu yerda vafot etgan.

Qo‘shrabot tumanidan yetishib chiqqan tariqat pirlaridan yana biri Domla Kamoliddin Oxun ibn Olimboydir. Qo‘shrabot tumanining Shova qishlog‘ida yashab faoliyat ko‘rsatgan pir xalq orasida qisqacha Domla Kamol nomi bilan mashhur bo‘lgan. U zot o‘zining ilmi, kamtarona hayot tarzi, topganini xalqqa tarqatish odati bilan shuhrat topgan. Naqshbandiya tariqati pirlaridan bo‘lgan Domla Kamoliddin to‘g‘risida ayrim maqola va to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar uchrasa-da shu paytgacha biror bir ilmiy risola mavjud emas edi.

“Domla Kamolning A’liya tariqatida o‘rni hamda yurtimizning oxirgi mashhur murshidlari” kitobi ham nashrdan chiqdi. Kitobda Naqshbandiya-A’liya tariqati tarixi, XX asr o‘rtalarida faoliyat ko‘rsatgan A’liya tariqati murshidi Domla Kamoliddin Oxun, Sharifiya tariqati murshidi Kattaxonxoja Dahbediy hamda A’liya tariqatining keyingi davr peshvolari tarixi to‘g‘risida so‘z boradi.

Dunyo ilm-fani va tamadduni rivojiga turtki bergan ziyo maskanlari – madrasalar ilk bor yurtimizda paydo bo‘lgan. “Samarqand madrasalari va ilmu fan rivoji” kitobida Samarqand shahrida mavjud bo‘lgan va faoliyat ko‘rsatgan madrasalar to‘g‘risida so‘z yuritilgan bo‘lib, unda Samarqanddagi 55 ta madrasaning tarixi, ular joylashgan mavzelar ta’lim tizimi va ish yuritilishi haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.

Ushbu kitob 2003 yilda ilk marta va 2007 yilda Samarqand shahrining 2750 yilligiga bag‘ishlanib chop etilgan edi. Kitob oliy madrasalar merosxo‘ri bo‘lgan Samarqand davlat universitetining 600 yilligi oldidan qayta chop etildi.

Ushbu kitoblarning barchasi poytaxtimizdagi “Qamar-media” nashriyotida chop etilgan.

Mazkur kitoblar yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishda nodir manba bo‘lib xizmat qiladi.

Sulaymon MARDIYeV.