Mahkumlar ozodlikka chiqmoqda
Viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan 38-son manzil-koloniyasida mahkumlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, murojaatlarini o‘rganish maqsadida tadbir o‘tkazildi.
Unda qator mutasaddi davlat idoralari mutaxassislari ishtirok etib, jazoni ijro etayotganlarga tegishli davlat xizmatlarni ko‘rsatishdi hamda huquqiy, tibbiy va psixologik ko‘mak berdi.
— Manzil-koloniyalaridagi fuqarolar o‘z xatolaridan tegishli xulosani chiqargan, - deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i M.Hamroyeva. – Navbatdagi vazifamiz ularni jamiyatga sog‘lom va ijtimoiy faol inson sifatida qaytarish. Biz bir hafta davomida mahkumlarning murojaatlari, taklif va xohishlarini o‘rgandik. Pensiya, bandlik, tibbiyot singari qator sohalar vakillari, shuningdek, psixolog va huquqshunoslar ayni talabdan kelib chiqib taklif qilingan.
Aytish joizki, muassasada jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolarga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida chilangarlik, tikuvchilik, duradgorlik va boshqa hunarmandchilik ustaxonalari tashkil etilgan. Mahkumlar ularda kasb va hunar sir-asrorlarini o‘rganish barobarida mehnatiga yarasha haq oladi. Tadbirda tegishli o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tomomlagan 15 nafar mahkumga “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasining sertifikatlari topshirildi.
— Men qo‘lda to‘qiladigan o‘rindiq va stullarni yasayman, - deydi J.Isayev. – Bir dona yasalgan o‘rindiq uchun 50 ming so‘m, stol uchun esa 150 ming so‘m haq olamiz. Koloniyadagi boshqa ustaxonalarda ham ishlab, ko‘nikma hosil qilyapmiz. Ozodlikka chiqqanimizda qo‘limizda bir nechta hunarimiz bo‘ladi, halol mehnat qilamiz.
Tadbir doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi M.Ro‘ziyev ishtirokida sayyor sud bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan vaqtda namunali xulqi bilan ajralib turgan va tuzalish yo‘liga kirgan bir qator mahkumlarga tayinlangan hukmlar yengiliga almashtirildi. Kimlardir esa jazoning qolganini uyida, yaqinlari bag‘rida o‘taydigan bo‘ldi.
— Manzil-koloniyasiga o‘tkazilganimga bir oy bo‘ldi, - deydi S.Normurodov. – Bu yerning sharoitlari yaxshi. Oshxona, yotoqxonalarimiz qulay va shinam. Meni asosiy bo‘sh vaqtim kutubxonada o‘tadi. Kitob mutolaa qilishni, she’r va hikoyalar yozishni yaxshi ko‘raman. Oila a’zolarim ham bu qulayliklardan juda mamnun.
Muassasa kutubxonasida 2 mingga yaqin kitob jamlangan. Jarayonda mahkumlar ishtirokida kitobxonlik tanlovi ham o‘tkazildi. Mehmonlar hamda mezbonlar o‘rtasidagi mushoirasi tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.