Mahkumlarning ham huquqi bor

Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan ushbu tamoyil ozodlikda yurgan vaqt sezilmasligi, qaysidir ma’noda kerak bo‘lmasligi mumkin. Biroq jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun uning ahamiyati, qadri katta....

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ning viloyatdagi mintaqaviy vakili, viloyat sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmalari hamkorligida Past Darg‘om tumanidagi 37-sonli jazoni ijro etish manzil koloniyasida monitoring tadbiri o‘tkazildi.

Mintaqaviy vakil dastlab mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvlarga kelgan oila a’zolari bilan ham suhbatlashdi. Ularga muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, mahkumlar uchun oila a’zolari va farzandlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatlari o‘rganildi.

Manzil koloniyadagi oshxona va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotgan xonalar ham mintaqaviy vakil e’tiboridan chetda qolmadi. Bu yerda ovqatlanish sharoiti, oziq-ovqat mahsulotlarini qanday saqlanayotgani bilan qiziqdi.

Shuningdek, manzil koloniyada mahkumlar mehnat qiladigan ishlab chiqarish ob’yektlari ko‘zdan kechirildi. Mehnatga haq to‘lashda qonunchilikka qay darajada amal qilinayotgani mahkumlar bilan suhbat davomida monitoring qilindi.

Umumiy suhbatdan so‘ng mintaqaviy vakil bilan yakkama-yakka tarzda uchrashishni so‘ragan mahkumlarni qabul qildi. Ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi, ayrimlari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish belgilab olindi.

- Shu kuni maxsus shifokorlar guruhi mahkumlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazdi, - deydi Ombudsmanning viloyatdagi vakili D.Husanov. - Ular tomonidan 320 nafar mahkumlarga 16 turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi. Tibbiy ko‘rik jarayonida 6 nafar mahkum va mahkumalarni operatsiyaga ehtiyoji borligini aniqlandi. Ular shakllantirilgan ro‘yxat asosida mahalliy byujet mablag‘lari hisobidan davolanadi.

Bundan tashqari, turli xastaliklar aniqlangan, biroq dori-darmon olishga sharoiti yo‘q mahkumlarga ularni bepul yetkazib berish choralari ko‘rildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan esa manzil koloniyadagi 6 nafar nogironligi bor mahkum va mahkumalarga 2 ta nogironlik aravachasi, 4 ta qo‘ltiq tayoq va 2 ta hassalar berildi.