Mahmudxo‘ja Behbudiy - besh yulduzday serqirra inson

E’tibor berganmisiz: keyingi paytlarda biz, ijodkorlar qardoshlik, xalqlar do‘stligi, baynalminalchilik haqida juda kam qalam tebratadigan bo‘ldik. Avlod-ajdodlarimiz, millatimizni ulug‘lashga kelganda esa ancha suzamolmiz. Vaholanki, millatimiz, oilamizni o‘zimiz emas, o‘zgalar ta’riflasa,  yarashiq bo‘lur edi. Bobolarimiz bizdan ko‘ra baynalminalroq bo‘lishgan: ular jahon bozorlarida turkiy, forsiy, arabiyda erkin gaplashishgan.

Zero, u zamonlarda “millat”, degan tushunchaning o‘zi bo‘lmagan.

Milliy g‘urur - normal holat, ammo u milliy mahdudlikka aylansa va oldi olinmasa, xunrezliklar sodir bo‘lishiga ko‘p bor guvoh bo‘ldik. Vaholanki, bizning jami toat-ibodatlarimiz insonning bir tomchi qoniga  arzimaydi.

Bizning avlod ikki asr va ikki tuzumning guvohi bo‘ldi. Ammo  har qanday vaqt va tuzum chorcho‘basida ham  inson insonning mehr-muhabbatiga muhtoj bo‘lib yashashiga; har qanday millatchilik, mahalliychilik, irqchilik ojizlik alomati ekanligiga; kishi aqlli bo‘lib borgani sari odamlarning bu xislatlarini ko‘proq ilg‘ashi, qadrlashiga; hamma narsaga aqli yetadigan kishi hamma narsani kechirishiga qodir ekanligiga; adolat, ezgulik, yaxshilikning boqiyligiga iymon keltirdim.

Qalam sohibiga hech qaysi tuzum va  zamonda oson bo‘lmagan. Bugungi kunda ham jurnalistlarning qamoqqa olinayotganligi, olovli nuqtalarda u yoki bu tomonning o‘qiga nishon bo‘layotganligi mening ham yuragimni yaralaydi, albatta.

Ma’lumingizki, so‘nggi yillarda jurnalistikamizning tamal toshini qo‘ygan, «Samarqand» (hozirgi «Zarafshon») gazetasining tashkilotchisi va birinchi muharriri Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlab kitob yozdim va  asar bu yil nashrdan chiqdi. U kishining hayotini o‘rganish jarayonida shu haqiqatga guvoh bo‘ldi-ki, Behbudiy hazratlari insonni faqat ziyogagina emas, Xudoga ham yaqinlashtiradigan, tom ma’nodagi nazarkarda kishi bo‘lgan. Xuddi besh yulduzday bag‘oyat serqirra bu dovyurak insonning siyosiy qarashlari  ilk bor “Zarafshon” gazetasida e’lon qilindi. Jumladan, taqsirning Rossiya imperatori oldiga qo‘ygan talablarini o‘qisangiz, u kishi mustaqilligimizning ilk yalovbardorlaridan biri ekanligiga  tag‘in bir bor ishonch hosil qilasiz:

* Turkiston xalqi har huquqda rusiylar ila barobar bo‘lmoq (bo‘lmog‘i kerak);

* Gosudarskiy dumaga Turkistondan vakil olmoq;

* Rusiya o‘rta va oliy maktablarig‘a Turkiston musulmonlaridan kirmoq uchun tadbir joriy qilmoq va anda dini islom va adabiyoti mahaliya muallimlari tayin qilmoq;

* Zabt bo‘lgan avqoflarni (boyliklarni) qaytarmoq (kerak) 

* Ziroat, sanoat va tijorat maktablari ochilib, musulmonlarg‘a qulay tariqinda vaz’i programmi  va o‘zga shunga o‘xshash diniy va zamoniy va mulkiy ehtiyojlar ... ila yozmoq(kerak);

* Idorai ruhoniya va shu’balarining tahriroti hukumat mahkamalari ilan ruscha va aholi, quzzot ham vo‘lostnoy upravitellar ilan o‘zbekcha bo‘lsa (bo‘lishi) kerak.

U kishidan keyingi  yuz yillar davomida Moskvaga hech kim bunday talab bilan chiqmadi va chiqolmasdi ham.

Nusrat RAHMAT, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.