Mahmudxo‘ja Behbudiy: Cho‘g‘ ustida kechgan umr
Uy-muzeydan buyuk ma’rifatparvarning hayot bo‘lgan yagona nevarasi yashaydigan manzilgacha
«Holo oyinai jahon statistiqlariga boqilsa, mus’atcha (hudud) Buxoroni to‘rtdan biri, nufusg‘a (aholi soniga) taqriban barobar, Serbiya mamlakatini 2 milliyon xalqi uchun 60 tadan ziyoda gazeta nashr bo‘ladur. Inchunin, 2,5 milliyon yunoniy greklarni 200 ziyoda gazetasi bordur. 3 milliyonga yaqin Xiva, Buxoroni bir adad gazetasi yo‘qdur. 9 milliyon O‘rta Osiyo musulmonlarini bir gazetasi, (tag‘in) bir gazeta chiqarmoqqa salohiyati, iste’dodi yo‘qdur!
Hayhot! Ibrat lozim!” (Mahmudxo‘ja Behbudiy)
Bir asrdan so‘ng xizmatlari ulug‘landi
Samarqand shahridagi Mir Said Baraka ko‘chasi, 47-uyda butun umrini cho‘g‘ ustida yurib o‘tkazgan jadid bobolarimizdan biri – Mahmudxo‘ja Behbudiy yashagan. Aynan shu yerda vohadagi ilk pesa dunyo yuzini ko‘rgan va shu xonadonda spektakl shaklida ijro etilgan, shu yerda shaharda ilk bor barcha uchun eshiklari ochiq kutubxona tashkil etilgan, shu xonadonda hududning ilk gazetasi chop etilgan va unda o‘tkir, dolzarb maqolalar bitilgan, shu yerda usuli jadid maktablarining tamal toshi qo‘yilgan, darsliklar yozilgan… Bunday zahmatli mehnatlarni sanabgina adog‘iga yetolmaysan kishi.
Ushbu uy-muzey mamlakatimiz rahbarining quyidagi fikrlaridan so‘ng 2021 yilda tashkil etilgan: “2020 yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.
Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.
Prezidentimizning aynan shu fikrlaridan so‘ng Behbudiy hazratlari «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi va bu yuksak mukofotni uning evaralari qabul qilib olishadi.
Mana, shu tarixiy hodisaga ham ikki yil bo‘ldi. Aslida bu maskan ma’rifat sochuvchi, ijodkorlarning doimiy borargohi bo‘lishi kerak. Bu maskan sizni o‘tmishga chorlaydi, jadidlarning hayotiga, faoliyatiga turli prizmalardan yana bir nazar tashlashingizga imkon beradi. Sizga kuch beradi, buguningiz haqda xulosa chiqarishga ko‘makka keladi.
Qariyb yetti sotix maydondagi uy va hovlidan (aslida 21 sotix bo‘lgan, ayni paytda qolgan maydonlar ham uy-muzeyga ajratilishi uchun sa’y-harakatlar olib borilmoqda) iborat muzeyda nafaqat Behbudiyga tegishli bo‘lgan ashyolar, balki o‘sha paytdagi jadidlar hayoti va faoliyatini ko‘rsatib beruvchi yuzga yaqin eksponat mavjud.
Behbudiy kim edi? Yozuvchimi, jurnalistmi, qozimi?
Buyuk ma’rifatparvar, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasining asoschisi, noshir, jurnalist, XX asrning boshlaridagi Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining yirik namoyandasi va jadidchilik harakatining rahnamosi - Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yilda Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida dunyoga kelgan, - deydi uy-muzey mudiri Gulmamat Ahmedov. - Mahmudxo‘ja Ahmad Yassaviy sulolasidan bo‘lib, otasi Behbudxo‘ja, bobosi Solixo‘ja va katta bobosi Niyozxo‘ja Samarqandning nufuzli oilalarining namoyandalari bo‘lganlar, qorilik va imomlik bilan tirikchilik qilganlar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 6-7 yoshlarida Samarqandda katta tog‘alari Muhammad Siddiq yordamida xat-savod chiqaradi. Keyin otasi Qur’onni o‘rgatadi. 15 yoshida tog‘asi muftiy Odil huzurida ilm olishga kirishadi. Bu yerda u arab tili grammatikasi va zamonaviy fanlarni o‘rgana boshlaydi. 1889 yil Chashmaobod qishlog‘ida qozilik qila boshlagan tog‘asi Muhammad Siddiqning huzurida mirzalik qiladi, shuning barobarida muftilikka tegishli bo‘lgan shariat qoidalarini o‘rganadi. Keyinchalik ish faoliyatini Kobut volosti (bugungi Samarqand, Toyloq va Jomboy tumanlari hududi)da mirzalikda davom ettirgan. O‘qib-o‘rganishga bo‘lgan iqtidori tufayli o‘z davrining yuksak e’tiborli lavozimi – muftilik rutbasiga erishdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, hatto bugun mamlakatimizda sud-huquq islohotlari tarixini ham Behbudiy bilan bog‘lashga urinishlar mavjud. Negaki, aynan Behbudiy o‘g‘irlik uchun qo‘li kesilgan kishi oilasiga, jamiyatga qanchalik ziyon keltirishini raqamlarda hisob-kitob qilib beradi va afv tushunchasini kiritadi.
1899 yili Maxmudxo‘ja Behbudiy Haj safariga chiqadi va bu safar sakkiz oyga cho‘zildi. Mahmudxo‘ja Behbudiy safar davomida turli mamlakatlar ahvoli, voqea-hodisalardan voqif bo‘ladi, dunyoqarashi kengayishi va fikri o‘zgaradi. Turkistondagi siyosiy jarayonlarni har tamonlama tahlil qilib, Oq poshsho mustamlakasi ostida bir necha o‘n yillar davomida ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan qulga aylangan xalq bilan ozodlikka chiqish mumkin emasligini anglab yetadi.
Ana shu safari davrida Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonning Chor Rossiyasidan ozod bo‘lish yo‘llarini qidirdi va Samarqandga qaytgach, o‘sha zamonning dunyoqarashi keng bo‘lgan insonlari bilan tariximizning tanazzul bosqichlari va sabablari yuzasidan munozara va taftishlar olib boradi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z yurtining ozodlikka erishishi uchun, eng avvalo, ozod yurtni boshqara oladigan va o‘z yurtini rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan yangi avlodni tarbiyalash zarurligi g‘oyasini oldinga suradi va shu g‘oyalarni amalda tatbiq eta boshlaydi.
1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida domla Siddiqiy va domla Shakuriy bilan hamkorlikda yangi maktablar ochadi.
Behbudiyning birgina nevarasi hayot
Muzeyda Behbudiy asarlari, chiqargan gazetalarining ilk sonlari, o‘sha davrga oid jihozlari mavjud ijodxonasi, o‘zi tashkil etgan kutubxona, usuli jadid maktablarining ko‘rinishi, o‘sha davrlarda truppalarning tayyorlanishi uchun sahnali zal hamda Behbudiyga tegishli boshqa buyum va ashyolar, shuningdek, Samarqand davlat universitetining Mahmudxo‘ja Behbudiy merosini o‘rganish ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi ham mavjud. Jadid bobomiz foydalangan kitoblar, lavh, qo‘l yordamida ishlatiladigan litografiya dastgohi esa o‘sha paytlar Germaniyadan keltirilgan.
Muzeyni aylanarkanmiz, Behbudiy oilasi bilan bog‘liq faktlarni ko‘zdan kechirdim. Bugungi kunda u kishining evaralari, xususan, Shoxruh, Zarrux Behbudiylar haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘p ma’lumotlar berilgan. Ammo u kishining yagona nevarasi ham bugun hayot ekanligini shu muzeyda bildim. Bildim-u, darhol Samarqand shahri Qo‘shtamg‘ali mahallasi tomon yo‘lga tushdim.
Muzey haqda bir noxush va xushxabar
Hali Nazirxon Behbudiy bilan suhbatimni keltirishdan oldin muzey xodimlaridan so‘rab olganim, bir faktni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bugun mazkur muassasa ma’rifatparvar bobolarimiz hayotini aks ettirib bera oladigan darajada jihozlangan. Bu yerda amaliy darslar o‘tish uchun ham yaxshi imkoniyat bor. Ammo afsuski, shu atrofdagi to‘rt-beshta maktabdan tashqari bu yerga boshqa ta’lim muassasasidan ziyoratchilar kelmas ekan. Vaholanki, viloyatda mingdan ziyod ta’lim muassasalari bor, ularning barchasining darsliklarida jadidlar faoliyati bilan bog‘liq mavzu bor.
Muzeyga oid yana bir yangilik – Behbudiy xoki qayerdaligini aniqlab, uni shu yerga keltirish va ramziy qabrini hamda byustini barpo etish rejalashtirilmoqda. Behbudiy o‘limi bilan bog‘liq ma’lumotlar ham o‘sha davr gazetasida qayd etilgan. Xususan, Hoji Muin Shukrulloh «Inqilob» jaridasida Behbudiy hazratlarining qanday shahid bo‘lgani haqida shunday yozadi: "...bek (Qarshi beki) Behbudiy afandi va yo‘ldoshlarini ham o‘ldurg‘a buyurg‘an va alar zindonning yonidagi podshohlik chorbog‘iga yuborilgandir. Shunda alarning qatllari o‘zlariga bildurilg‘on va o‘zlari uchun shu yog‘da to‘rt qabr qozdirulg‘on. So‘ngra Behbudiy afandi va Yoldosh tahorat olib, namoz o‘qimoqchi bo‘lg‘anlar. Lekin shul chog‘da rahimsiz jallod muovinlari ila yetib kelib, alarni namoz o‘qurg‘a qo‘ymag‘on va eng avval Behbudiy hazratlarini joynamoz ustida boshini kesgan, so‘ngra bekning xizmatkorlari mazkur shahidlarning jasadlarini chiqarib, o‘zlari qozg‘on qabrlarida ko‘mganlar va qabrlarini (bilinmasun deb) yer ila tekis etganlar.”
«Bobomning kimligini mustaqillik tufayli angladik»
Behbudiyning bugun hayot qolgan yagona nevarasi Samarqandning qadim mahallalaridan biri – Qo‘shhovuzda istiqomat qilar ekan. Darvoqe, uning avlodlariga yuqoridagi uy-muzeyda yashash nasib etmagan. Buning sababini anglagandirsiz, ammo suhbat davomida buni aytib o‘tamiz.
Nazirxon ota bilan suhbatimiz asosiy jihozlari bobolarining suratlari tushirilgan kamtargina xonada kechdi.
- Bobom Mahmudxo‘ja Bebudiyning to‘rt nafar farzandi bo‘lgan, to‘ng‘ichi mening otam Ma’sudxon, ammam Surayyo, Maqsudxon va Matlubxon, - deya gapirib beradi Nazirxon Behbudiy. – Afsuski, bir o‘g‘illari yoshligida, og‘ir xastalikdan vafot etadi, ikkinchi o‘g‘illari urushda bedarak ketadi, u kishining hech bo‘lmasa qabrini uzoq yillar izladik, ammo natija bo‘lmagandi. Shu tariqa Behbudiy avlodi to‘ng‘ich o‘g‘li Ma’sudxon farzandlari orqali davom etdi. Otamning to‘rt o‘g‘lidan biriman, katta akalarim – Mithat, Shavkat, Nadimxonlar bu foniy dunyoni tark etdilar. Bobom Mahmudxo‘ja Behbudiyning ulug‘ inson ekanliklarini faqatgina filologiya fanlari doktori, professor Nadimxon akam yaxshi anglaganlar. Ilk marta 1983 yilda bobom haqida maqola chiqqanda juda hayratga tushganmiz.
Bilishimcha, otam bobomning fojiali halokatidan so‘ng turli ta’qiblarga duch kelmaslik uchun mana shu hovliga ko‘chib kelib, yashay boshlaganlar. U kishining barcha mol-mulki musodara etilgan. Va bobom haqida deyarli gapirmaganlar, ko‘cha-ko‘yda og‘zimizdan gap chiqib ketishidan cho‘chiganlar, shekilli. Otam Ma’sudxon bobomning tarbiyasini olganlar va o‘zlari yozganlaridek, to‘rt tilda bemalol so‘zlashganlar. Bolaligi o‘tgan o‘sha uyda ularga maxsus o‘qituvchilar rus, fransuz tillaridan dars berganlarini aytib berganlar. Otam bilan ammam Parvinaning har zamon fransuz tilida so‘zlashganlariga o‘zim ham ko‘p guvoh bo‘lganman. Otam bu yerdagi ta’qiblardan qochibmi, yo boshqa sababmi, Dushanbedagi pedagogika institutida tarjimon bo‘lib ishlaganlar. Oilasi, ya’ni biz, shu yerda, u kishi har necha oyda bir kelib ketardilar. Aytishim kerak, onam Saida ham maktab ko‘rgan, xat-savodli ayol edilar. Onamning onalari, ya’ni buvim qizlarning xat-savodini chiqarganlar, o‘zlari Hofiz devonlarini yoddan bilganlar, deyishadi.
Ularning turmush qurishi ham qiziq bo‘lgan. Bobom, Mahmudxo‘ja Behbudiy to‘ng‘ich o‘g‘li, ya’ni otamga kelin izlaganlarida onamning tog‘alari jiyanlarim bor, istasangiz ko‘ring, deganlar. Shu tariqa onamga sovchi qo‘yganlar. Buvim, ya’ni onamning onalari avvaliga qarshilik ko‘rsatganlar «Yo‘g‘-a, kofirga qiz bermayman», deya. Buni qarangki, oddiy aholi orasida ma’rifatparvar bobomizning jon kuydirib qilayotgan mehnatlari mana shunday ma’no kasb etgan. Katta tog‘am Behbudiy oilasidagi vaziyatni tushuntirgach, to‘y bo‘lgan. Onamning aytishicha, bobom, juda salobatli, tik qarab gapirishga odam hayiqadigan kishi bo‘lgan ekanlar. Qayerga bormasinlar, odamlar u kishi bilan ko‘rishish uchun beixtiyor o‘rinlaridan turar edilar, deya eslaydilar u onam.
Otam uzoqda ko‘p bo‘lganlari uchun asosiy tarbiyani onamdan olganmiz. U kishining sa’y-harakatlari bilan bobomning nomi hamon avlodlariga muhrlanib kelayotgan bo‘lsa kerak. Hozir chevaralaridan birining ismi Mahmudxo‘ja Behbudiydir.
Otaxon bilan gaplasharkanmiz, Behbudiyning evara, chevaralari katta bobolari istaganday ikki emas, to‘rt tilda bemalol so‘zlashayotganidan xursand bo‘lamiz. Kichik Mahmudxo‘ja esa katta bobosining izdoshi bo‘lsa ne ajab?!
***
P/s: Mamlakatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev o‘tgan hafta Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida jadid bobolarimiz haqida alohida to‘xtalib o‘tdi: “Ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.
Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir".
Maqolaga bundan ortiq xulosa bo‘lmasa kerak. Ammo “Zarafshon” gazetasi orqali jadid bobolarimiz asos solgan ma’rifat nurlari hamon porlab kelayotganida bugunning ziyolilarining ham xizmati ulug‘.
Gulruh Mo‘minova.