Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida qanday ashyolar saqlanadi?

Bu yil yurtimizda atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi.
Ayni paytda hududlarda mutafakkirning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar, tanlovlar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, ko‘rsatuv va maqolalar e’lon qilinmoqda. Shu bilan birga, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida joriy ta’mirlash, reekspozitsiya va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Ma’rifatparvar bobomiz va uning ijodi, faoliyatiga oid nodir eksponatlar, kitoblar, qo‘lyozmalar, jurnalistik materiallar, sahnalashtirgan asarlari hamda adib yashagan davr haqida qimmatli ma’lumotlar Samarqand shahridagi Mir Said Baraka ko‘chasida joylashgan Behbudiy uy-muzeyida saqlanadi. Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi katalogi va unga kiritilgan eksponatlar tarixchilar, muzeyshunos, san’atshunos olimlar hamda keng jamoatchilik uchun muhim manba sanaladi.
Uy-muzeyi katalogi
Ma’lumki, Behbudiy Samarqandda o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhit yaratgan va “Turkiston jadidlarining otasi” degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan. Muzey katalogida va saqlanayotgan eksponatlarda bobomiz tashabbusi bilan 1903 yilda Said Ahmad Siddiqiy bilan birgalikda Samarqand atrofidagi Holvoyi hamda Abdulqodir Shakuriy bilan birgalikda Rajabamin mahallalarida yangi maktablar tashkil etgani haqidagi ma’lumotlar bor. “Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va ijodi” ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan “Muxtasar tarixi islom”, “Alifboi maktabi islomiya”, “Amaliyoti islomiya”, “Matqali jug‘rofiya umroni” asarlari esa ana shu yangi usul maktablari uchun darslik sifatida yaratilganini ko‘rish mumkin.
Mazkur ekspozitsiyada Behbudiy bilan bir davrda ijod qilgan jadidlarning asarlari ham bor. Bular - Said Vasliy qalamiga mansub “Madaniyat va zoifa shariyati islomiya”, Said Ahmad Siddiqiy qalamiga mansub va Abdulqodir Shakuriy tomonidan chop etilgan “Anjumani arvoh”, Munavvarqori qalamiga mansub “Islom aqidalari”, Abulqosim Oxunzoda Ganjiyning “Risolai ittihodiya” asari, Abduqodir Shakuriyning “Jomi-ul hikoyot” asarlaridir.
Behbudiy ijodxonasi
Muzeydagi ekspozitsiyalarning yana biri “Mahmudxo‘ja Behbudiyning ijodxonasi” deb nomlanib, unda ma’rifatparvar olim ijodxonasini ko‘rsatuvchi XIX asr oxiri, XX asr boshlariga oid stol, stul, kreslo, shkaf, devor soati, shuningdek, Behbudiy va uning zamondoshlari tomonidan keng foydalanilgan odatiy uy-ro‘zg‘or buyumlari - mis ko‘za, kitob o‘qish uchun lavh, qalamdon, kitob tashish uchun teridan ishlangan sumka va Qur’on kitobini saqlash uchun sumkacha ham o‘rin olgan. 1903 yildan boshlab ishlab chiqarilgan va Turkistonda keng tarqalgan “Kontinental” yozuv mashinkasi, o‘sha davrga xos telefon apparati va stol soati ham ijodxonani bezab turibdi.
Olimning zamondoshlari, safdoshlari va shogirdlari
“Behbudiyning zamondoshlari, safdoshlari va shogirdlari” nomli ekspozitsiya bo‘limida alohida o‘rinni archa qipig‘i va tut daraxtidan qo‘lda yasalgan globus egallaydi. Uning yuzasida lak bilan qoplangan materiklar, okeanlar va dengizlar, tog‘lar va turli mamlakatlarning konturlari aks ettirilgan. Ekvatorning keng chizig‘ida o‘n ikkita burj belgisi tasvirlangan. Globus 1313-1895 yillarda ishlab chiqarilgan bo‘lib, muallif o‘z davrining bilimdonlaridan biri Xo‘ja Yusuf Mirfayazov (1842-1924)ning ismi to‘rtta burchakda arab yozuvida ko‘rsatilgan. Globus Mahmudxo‘ja Behbudiy zamonida boshqa fanlar qatorida geografiya va kartografiya ham rivojlanganligining belgisidir.
XIX asr oxiri, XX asr boshlariga oid musiqa va cholg‘u asboblari
Muzeydagi vitrinalarning birida XIX asr oxiri, XX asr boshlarida vatanimiz hududida foydalanilgan asosiy musiqa asboblari - doira, qashqar va afg‘on ruboblari, nay namoyish etilgan. Musiqa asboblarining xilma-xilligi shuni ko‘rsatadiki, O‘rta Osiyo xududida Eron, Qashqar, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston va boshqa mintaqalar musiqiy an’analari ta’sirida o‘ziga xos musiqa madaniyati shakllangan. Shuningdek, XIX asr oxiri, XX asr boshlarida aholining o‘ziga to‘q, ziyoli qatlami orasida urf bo‘lgan kiyim-kechaklar namoyish qilinmoqda. Ular, yashil atlasdan qo‘lda to‘qilgan yaktak, tik yoqali paxtadan tikilgan ko‘ylak, binafsharang baxmaldan tikilgan do‘ppi, qizil, oq va moviy chiziqlarga ega salla, binafsharang, ko‘k va yashil rangli chiziqlarga ega beqasamdan tikilgan ayollar choponi, gul naqshli qo‘lda ishlangan, ipak abra matodan tikilgan ayollar ko‘ylagi, charmdan ishlangan erkaklar va ayollar oyoq kiyimlaridan iboratdir.
Noshirlik namunalari
Mahmudxo‘ja Behbudiy noshirlik yo‘nalishida ham samarali ijod qilgan hamda bu yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratgan. Navbatdagi ekspozitsiyada olim tomonidan XX asr boshlarida nashr qilingan “Samarqand” gazetasining 45-soni va “Oyna” jurnalining bir necha sonlari namoyish etilmoqda. Muzeyning noshirlik xonasi intererida asosiy e’tibor Behbudiyning noshirlik faoliyatini yoritishga qaratilgan. Turkistonda nashr ishlari bilan dastlab podsho Rossiyasi statistika qo‘mitalari shug‘ullangan. Shu sababdan 1868 yildan 1910 yilgacha nashrlarning asosiy qismini rus tilidagi gazetalar tashkil etgan.
XX asr boshida, aniqrog‘i, 1913 yildan Behbudiy ham matbuot ishlari bilan shug‘ullanadi. Shu yil aprel oyidan rus-o‘zbek va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, so‘ng to‘rt sahifada “Samarqand” gazetasini chiqaradi. 45-sondan keyin moddiy tanqislik tufayli gazeta chiqishi to‘xtagan. O‘sha yilning 20 avgustidan bobomiz “Oyna” jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik jurnal asosan o‘zbek tilida bo‘lib, unda ixcham forsiy she’rlar, maqolalar, ruscha e’lonlar ham berib borilar edi. U “Nashriyoti Behbudiya” nomi bilan o‘z xususiy nashriyotini ochadi. Fitratning “Bayonoi sayyohi hindi” asarini 1913 yilda ruschaga tarjima qildirib nashr etadi, Turkiston xaritasini tuzib, bosmadan chiqaradi.
Muzeyda noshirlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq ashyolar ham namoyish etilmoqda. Ular “Samarqand” gazetasi, “Oyna” jurnali, “Noviy Samarkand” (“Yangi Samarqand”, “Samarqandi Nav”) gazetalarini nashr etish uchun Samarqand viloyati harbiy gubernatori nomiga yozilgan ariza namunalari, Samarqand viloyati harbiy gubernatorining nashrlarga ruxsat beruvchi guvohnomalardan iborat hujjat namunalari va XIX asr oxiri, XX asr boshlarida Germaniyaning “ FORSTE & TROMM LEIPZIG” fermasida ishlab chiqarilgan Eron orqali Turkistonga olib kelingan qo‘l yordamida ishlatiladigan litografiya dastgohi namoyish etilmoqda.
Bundan tashqari, muzey ekspozitsiyasida Turkistondagi jadidchilik siyosiy qarashlarini aks ettiruvchi ashyolar, varaqalar, broshyuralar, Behbudiy va boshqa ma’rifatparvarlarning qarashlari bayon etilgan asarlarini ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, namoyish etilayotgan eksponatlarni o‘zbek, rus, ingliz tillarida katalog holida ham ko‘rsa bo‘ladi. Katalogda Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyining tashkil etilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar ham o‘rin olgan.
Gulmamat Ahmedov,
Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi mudiri.