MAHZUN YIL: Inson ko‘nikuvchan va shu bilan birga irodali ekan…

O‘tayotgan har bir yil erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, tarixiy o‘zgarishlar bilan yodda qoladi. Biroq bu yil nafaqat mamlakatimiz hayotida, balki butun dunyoda nihoyatda sinovli kechmoqda. Yangi O‘zbekis¬ton uchun bu yil anchayin mahzun…

Negaki, butun dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilgan, insoniyatni g‘am-qayg‘uga solib, tinch-osoyishta hayotini izdan chiqargan pandemiya balosi har jihatdan davlatlarning, bani Odamning irodasini sinovdan o‘tkazmoqda.

Keksalarimiz «Balo-qazodan O‘zi asrasin…» deb bejiz aytishmas ekan. Koronavirus balosi shu yilning mart oyida yurtimizga kirib kelgan bo‘lsa, bahorda ketma-ket ikkita falokat yuz berdi. Biri – Olot va Qorako‘l tumanlarida kuchli shamol-to‘fon kelib, aholi turmush tarziga katta zarar yetkazgani bo‘lsa, ikkinchisi – Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi…

Bu xalqimiz va mamlakatimiz uchun katta yo‘qotish, ofat bo‘ldi. Shukr-ki, Prezidentimiz tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar, rahbarlar va xalqimizning o‘zaro hamjihatligi, birdamligi, uyushqoqligi sabab bu ofatlar bartaraf etildi. Xalq birlashsa, har qanday muammoni bartaraf etish mumkinligi isbotlandi. Qanchadan-qancha xayr-saxovat ishlari amalga oshirildi. Talofat ko‘rgan tub joy aholisi tez orada sinovli kunlardan qutilib, o‘z uylariga qaytdi, shukronasi ort¬di. Ammo pandemiya balosi hadeganda jilovni qo‘ldan bermayapti…

Shu o‘rinda mo‘min-musulmonlar xayolida birdaniga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi «Mahzunlik yili» deb nom olgan voqea gavdalanadi. Bir yilda Payg‘ambarimiz alayhissalomga nisbatan har taraflama bo‘layotgan zulm, ozor, istibdodlardan u zotni himoya qilayotgan ikki buyuk shaxs (Hadicha roziyallohu anho va Abu Tolib) dunyodan o‘tadi. Ulardan biri amakilari Abu Tolib Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamni asosan jismoniy va siyosiy zo‘ravonlik, tajovuzkorlik hamda zulm-u sitamlardan himoya qilsa, Hadicha onamiz roziyallohu anho esa u zotni ma’naviy, ruhiy va iqtisodiy tarafdan to‘liq qo‘llab-quvvatlab, dalda bo‘lib turar edilar. Go‘yoki bu ikkovlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ikki qanotlari edi. Bir yilning ichida u zot alay¬hissalom har ikkala suyanchiqlaridan ayrilib qolganlari tufayli shu yilni «Mahzunlik yili» deb atadilar…

 Mulohaza qilinsa, qaysidir ma’noda o‘tayotgan 2020 yilni ham mahzun yil de¬yish mumkin. Ikkita ofat va pandemiya balosi mamlakat va aholi iqtisodiyotiga, hayot tarziga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Yo‘qotishlar bo‘ldi… Aholining turmush tarzi, salomatligi, yoshlarning ta’lim olishi murakkablashdi, ish sharoitlari o‘zgardi, faoliyat turlari va shakllari almashdi. Pandemiya sharoiti davlatlar oldiga kutilmaganda ulkan to‘siqlar qo‘ydi. Ammo inson – oliy mavjudot! U har qanday sharoitda ham o‘z yo‘lini topa oladi. Jumladan, mamlakatimiz ham sekin-asta bu mashaqqatlarni yengib o‘tmoqda. Davr taqozo qilgan talablarga moslashib, xalqqa yengillik yaratishning yangi-yangi choralarini ishlab chiqmoqda, hayotni o‘zgartirmoqda. Zarurar bo‘lmasa uydan chiqmaslik, niqob taqish, ko‘cha-ko‘yda, umuman hayot tarzimizda ijtimoiy masofa saqlash, o‘zini ihotalash, masofadan turib ishlash, xat-hujjat ishlarini onlayn yuritish va shu kabi boshqa tartiblar odamlarning kundalik odatlariga aylandi.

O‘tayotgan sinovli kunlar, oylar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu virus bilan birga yashashga, unga moslashishga majbur bo‘lyapmiz va hozircha bundan o‘zga yo‘l topilgani yo‘q. Pandemiya jamiyat rivojining yangi yo‘nalishlarini kashf etishga, «tortib olgan»lari o‘rnini muqobillari bilan to‘ldirishga majbur qilmoqda va bu bilan insoniyatga yaxshigina «dars» bermoqda.

Pandemiya bizga vaqtni tejashni o‘rgatdi. COVID-19 korxona va muassasa xodimlarini uyidan turib, masofadan ishlashga ham odatlantirdi.

Ish vaqti emas, ish hajmi muhimligini ko‘r¬satdi. Bugun O‘zbekiston sharoitida ham xodimlarning masofadan ishlash tizimini takomillashtirish talab etilmoqda. Ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan davlat va xususiy sektorda ishni masofadan tashkil qilish mumkin ekanini vaziyatning o‘zi isbotladi.

Masofaviy ta’lim. Pandemiya o‘zgarishga majbur qilgan va eng katta sinov bo‘lgan muhim sohalardan biri, shub¬hasiz, ta’lim tizimidir. Bog‘cha, maktab, kolleju litsey, universitet - barchasida masofaviy ta’limga o‘tilmoqda. Bu faqatgina chora emas, davr talabi hamdir. Negaki, karantin sharoitidan oldin ham aksar rivojlangan davlatlarda masofaviy ta’lim ularning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurgan edi. Ammo bu jarayon har bir davlatning ta’limni bu shakl¬da olib borishda tayyorgarlik darajasi bilan bog‘liq. Ayrim davlatlarda bunga resurs ham, imkoniyat ham yetarli. Biroq sira kutilmaganda pandemiya sharoiti ko‘p davlatlarning ta’limni masofadan turib olib borishga to‘liq tayyor emasligini ayon qilib qo‘ydi. Bizda ham shu muammo bor...

Yana bir muhim gap: pandemiya siz-u bizga ayrim umumbashariy haqiqatlarni eslatdi:

- O‘lim haq!

- Ojizmiz…

- Mol-dunyoga ancha mehr qo‘yganmiz…

- Zaif va ojizmiz…

- Dabdabaga o‘ch ekanmiz, aslida to‘y va boshqa marosimlardagi soxta obro‘-e’tibor sog‘ligimiz oldida bir pulga qimmat ekan…

-  Ijtimoiy hayot - emin-erkinlik buyuk ne’mat ekan. -  Qo‘l yuvishda va poklanishda ko‘p sunnat amallarni unutibmiz…

- Inson ko‘nikuvchan va shu bilan birga irodali ekan…

-  Hayot mazmuni boylikda emas, xotirjamlikda ekan…

- Tani sog‘lik - tuman boylik ekan…

Bir qarashda qalb ko‘zimiz ochilgandek… Tilagimiz tez orada balo to‘liq daf bo‘lib, oliy maqsadga olib boruvchi barcha yo‘llarimiz ochilsin. Qalbimizdagi huzun - mahzunlik o‘rnini xurramlik egallasin. Begim kunlar qaytib, xalqimiz tinch-omon, sog‘-salomat va xotirjam hayot kechirsin. Bu kunlar xuddi Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlaridagi «Mahzunlik yili» kabi bir xotira bo‘lib qolsin…

Xoliyor SAFAROV, yozuvchi.