Maishiy gaz ballonda nosozlik kuzatilsa qancha vaqtda almashtirilishi kerak?
Bu savolga "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali jurnalistlar bilan muloqotda javob berdi.
Ba’zi hollarda maishiy gaz ballonda nosozlik kuzatilib avariya xavfi yuzaga keladi. Mas’ullarga ko‘ra, bunday holatlarda iste’molchi "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filialining 0 (366) 239-78-02 hamda tumanlardagi 1104 raqamli avariya xizmatlariga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Murojaatdan so‘ng 24 soat ichida nosoz maishiy gaz ballon boshqasiga almashtirib berilish shart.
Aytilishicha, har bir gaz to‘ldirish shoxobchasida sinovdan o‘tkazish markazlari bor. Samarqand viloyatida to‘rtta hududda shunday markazlar bor, gaz ballon bu yerda tekshiruvdan o‘tkaziladi va nosozlari sexlarga qaytarib yuboriladi.
Maishiy gaz ballonlarni to‘liq sinovdan o‘tkazish muddati besh yil. Har besh yilda davlat standartlari asosida sinovdan o‘tkazilib boriladi.
Maishiy gaz ballonning umumiy yaroqlilik muddati esa 25 yil etib belgilangan, deyiladi "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali vakillari ma’lumotida.