Majburiy ijro: Har bir xodimga aliment undirish bo‘yicha 750 ta ijro ishi bor

Ayni kunda Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ish yurituvida aliment undiruvi bilan bog‘liq 5259 ta ijro hujjati mavjud bo‘lib, ular bilan bog‘liq ijro ishlariga 7 nafar davlat ijrochisi biriktirilgan. Bu har bir xodimga o‘rtacha 750 ta ijro ishi yuklatilganini anglatadi. Xo‘sh, ular bu vazifani uddalay olyaptimi? Viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mas’ullar shu va boshqa savollarga javob berishdi.
— Albatta, raqamlar katta, lekin bu xodimlar har bir qarzdor bilan alohida shug‘ullanadi, degani emas, - deydi Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Yahyo Beknazarov. – Mazkur aliment to‘lovchilarni ikki guruhga, insofli va insofsiz to‘lovchilarga bo‘lib o‘rganamiz. Tabiiyki, insoflilar daromadini yashirmaydi, oylik to‘lovlar ularning maoshidan tegishli dastur asosida avtomatik tarzda yechib olinadi. Mutaxassislarimiz asosan insofsiz - daromadini yashiruvchi yoki atay aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar bilan ishlaydi. Undiruvchilar tomonidan bo‘ladigan murojaatlar va noroziliklarning barchasi shu guruh bilan bog‘liq.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining aliment undiruvlari bilan bog‘liq ijro ishlari yuzasidan e’lon qilingan “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlari davomida mazkur toifadagi ijro ishlari doirasida 71 ta oila yarashtirilgan. Shuningdek, 10 ta aliment to‘lovchi qarzdordan jami 308 million so‘m aliment pullari undirilgan, 25 nafar qarzdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ochiq sayyor sudlarda 10 nafar qarzdorga ma’muriy jazo qo‘llanilgan.
Barcha ogohlantirishlar, ma’muriy choralarga qaramay, qasddan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan fuqarolar ham yo‘q emas. Byuro tomonidan o‘tgan vaqtda 7 nafar shunday qarzdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning 2 nafari bunga qadar ham aliment to‘lovi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.