Maktabda erkak o‘qituvchining o‘rni qanday?
Bundan 30-40 yil ilgari maktablarda erkak o‘qituvchilar pedagogik jamoaning qariyb 70 foizini tashkil etar edi. Bugun esa o‘qituvchilarning 75-80 foizi ayollardan iborat. To‘g‘ri, keyingi yillarda ko‘plab erkak o‘qituvchi maktabga qaytdi. Ammo bu yetarlimi? Umuman, maktablarda erkak o‘qituvchilarning ko‘p bo‘lgani yaxshimi yoki kam bo‘lgani?
Bu savollarga javoblarni o‘qituvchilarning o‘zlaridan eshitaylik.
Payariq tumanidagi 9-maktab direktori Alisher Muqumov:
- Hech shubhasiz, yosh avlodning ma’nan va jismonan kamol topishida erkak o‘qituvchilarning o‘rni bo‘lakcha. Masalan, keyingi 25-30 yil ichida erkak muallimlar ro‘zg‘ori, bola-chaqasining kam-ko‘stini to‘ldirish maqsadida boshqa ishlar bilan shug‘ullanib ketdi.
Bugun ta’limga erkak o‘qituvchilarning qaytayotgani rost. Ularning o‘quvchilar dars va darsdan tashqari vaqtlardagi faoliyatini muntazam nazorat qilib borishlari ayol o‘qituvchilarga dalda bo‘ladi. Negaki, bu tabiat qonuni - ayollar biroz ko‘ngilchan, erkaklar esa qattiqqo‘l.
Muhtarama muallima ayollarimizni bu masalada kamsitishdan yiroqman, lekin o‘quvchilar sabr-bardoshli bo‘lish, qat’iyatni aynan erkak o‘qituvchilardan o‘rganishi haqiqat. Real hayotda ham to‘laqonli bo‘lmagan oilada yoshlarning injiq, o‘z bilganidan qolmaydigan bo‘lib voyaga yetishi ko‘p kuzatiladi.
Demak, maktablardagi o‘qituvchilarning katta qismini erkak o‘qituvchilar tashkil etsa o‘quvchilarning nafaqat ta’lim olish sifati, balki tarbiyasi ham ijobiy tomonga o‘zgaradi. Shu bois, maktab rahbariyati, hech bo‘lmaganda direktor o‘rinbosari er yigitlardan bo‘lishi eng maqbul yo‘l.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 20-maktab direktori Zaynab Berdiyeva:
- Inkor etib bo‘lmas qonuniyat bor: barcha buyuklarni ustozlar tarbiyalab, ilm bergan. Demak, yosh avlod kamolotida ustozi erkak yoki ayol kishi ekanligi muhim ahamiyatga ega emas.
Bunga tarixdan ham minglab misollar keltirish mumkin. Masalan, Mirzo Ulug‘bekni kim tarbiyalagan? Sohibqironning malikasi Bibixonimning o‘gitlari natijasida temuriyzoda osmon toqiga narvon o‘rnatmaganmi? Axir uning o‘zi ham ilmli hukmdor bo‘lishida Bibixonimning o‘rni katta bo‘lganligini qayd etgan.
Psixologiyada o‘smir yoshdagi yigitlar aksariyat sirlarini onalariga bayon qilishi isbotlangan. Bas shunday ekan, yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda erkak kishimi yoki ayol bo‘ladimi uning o‘zi ilmli, ma’rifatli, ma’naviyatli ekanligi muhim.