Kostyum-shim kiyib yer ag‘dargan o‘qituvchi

Oqdaryolik Jasur Tirkashev hali yosh, ammo tajribali o‘qituvchilardan biri. U qisqa fursatda ko‘pgina qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazdi. Barchasini sabr va matonat bilan   yengib, hayotda o‘z o‘rnini topa oldi. Yosh muallim bilan suhbatimiz uning ko‘rgan-kechirganlari, erishgan yutuqlari haqida bo‘ldi.

- Bolaligingizda o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganmisiz yoki boshqa kasb egasi?

- To‘g‘risini aytsam, iqtisodchi bo‘lishni xohlardim. O‘zim tug‘ilib o‘sgan Yangiqo‘rg‘on qishlog‘idagi 2-maktabda o‘qib yurgan kezlarimda maktematika va ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq kuchli edi. Shuning uchun ham 9-sinfni bitirib, Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi akademik litseyda o‘qishni davom ettirdim. Ammo u yerda ustozimiz, hozirgi kunda Payariq tumanidagi 41-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Obid Abdualimovning dars o‘tish jarayoni meni o‘qituvchilikka qiziqtirib qo‘ydi. 2013 yilda litseyni tamomlaganimdan so‘ng bu qiziqish meni Guliston davlat universitetiga yetakladi. Mazkur oliy o‘quv yurtining o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga hujjat topshirib, talabalikka qabul qilindim.

- Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, nega o‘qish uchun Sirdaryo viloyatini tanladingiz?

- To‘g‘ri, o‘sha paytlarda ko‘pgina tengdoshlarim yo Samarqand shahriga, yoki poytaxtga intilardi. Aynan Sirdaryo viloyatida o‘qishni istaganimning sabablari ko‘p edi. Asosiysi, bir urinishda grant asosida, hech qanday qo‘shimcha yordamlarsiz, o‘z bilimim bilan o‘qishga qabul qilinishim kerak edi. Samarqand yoki Toshkentdagi  oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshiradigan abituriyentlar ko‘p bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Ammo Gulistonda ham raqobatdoshlarim kam bo‘lmagan. O‘z bilimim bilan 880 nafar abituriyent orasida sakkizingchi o‘rinda, grant asosida o‘qishga qirganman.

- Mana hozir “o‘z bilimim bilan” degan jumlaga urg‘u berib, takror takror aytyapsiz. “Hech qanday qo‘shimcha yordamlarsiz”, deganda o‘sha paytlarda test jarayonlarida abituriyentlar foydalanadigan “shpargalka”, telefon yoki boshqa shu kabi vositalarni nazarda tutdingizmi?

Ha, albatta. O‘sha paytlarda o‘z bilimi bilan kirgan yoshlar barmoq bilan sanarli edi. Afsuski, o‘sha qo‘shimcha yordamlarga tayanib talaba bo‘lganlar orasida o‘zining ism-familiyasini to‘g‘ri yozolmaydiganlar qo‘plab topilardi. Amallab oliy ma’lumotli bo‘lgan yoshlar bugun ishlash jarayonida ham qiyinchiliklarga duch kelayotgani tabiiy. Achinarlisi, yuzlab bilimli yoshlar “sinib ketdi”. O‘qishga qiziqishi so‘nib, oddiy hunarmandchilik yoki dehqonchilik bilan shug‘ulanishga kirishdi. Aksariyati pul topish ilinjida xorijga ketib sarson bo‘ldi. Aynan o‘sha yillarda puli yo‘q, ammo bilimi bor yoshlar talaba bo‘lishi juda qiyin edi. Aytib o‘tganimdek, iqtisodchi bo‘lish orzusidan voz kechishimning yana bir sababi ham ana shu. Chunki iqtisod yo‘nalishiga kirish ballari juda yuqori edi.

- O‘qituvchi bo‘lganingizdan hozir afsuslanmaysizmi?


- To‘g‘risi, boshida afsuslanganman. O‘qishni tugatib, bir necha maktabda o‘qituvchilik qildim. Ishlash og‘ir edi. Kunning birinchi yarmida dars o‘tish jarayonida oq ko‘ylak, kostyum-shim kiyib, o‘quvchilarga o‘rnak bo‘lishga majbur edik. Tushdan keyin esa shu kiyimda daraxt oqlardik, yer ag‘darardik. Ayol o‘qituvchilar ko‘cha supurardi. Keyin anglab yetganman, nima uchun ko‘pgina erkak o‘qituvchilarimiz maktabni tashlab, boshqa ish bilan shug‘ullanib ketganini. Hayriyatki ko‘p o‘tmay tizimda o‘zgarishlar bo‘ldi. Litsey va kollejlar faoliyati qisqartirilib, maktablarda yana 11 yil ta’lim beriladigan bo‘ldi. Bu orada men hozirgi ishimga, mahallamizdagi 52-sonli  ixtisoslashtirilgan maktabga ishga o‘tdim. Maktab 11 yillik bo‘lgach, 2019 yilda bitiruvchilarimizning 52 foizi o‘qishga kirdi. Keyingi yilda bu ko‘rsatkich 82 foizga ko‘tarildi. 2020-2021 o‘quv yilida maktabimizni 41 nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lsa, ularning barchasi bir urinishda talaba bo‘lish baxtiga erishdi. Ahamiyatlisi, 19 nafari grant asosida nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bitiruvchilarimiz orasida xorij oliy o‘quv yurtlariga kirganlari ham bor. Ular mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari imtihonidan o‘tolmay emas, balki muddatidan oldin, hali maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq talaba bo‘lgan.

- Siz mashg‘ulot o‘tadigan xonada doskaga ko‘zimiz tushmadi. Bunga ehtiyoj yo‘qmi?

- Xona maxsus to‘garak mashg‘ulotlariga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 10- va 11-sinf o‘quvchilariga qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘taman. Dars o‘tish jarayonlarida, asosan, zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan, jumladan, noutbuk va proyektordan foydalanaman. Bu usul sinovdan o‘tgan va yaxshi samara bergan.

- Ko‘ksingizdagi ko‘krak nishoni va uning mas’uliyati haqida ham fikr bildirsangiz.

- 2021 yil men uchun juda omadli bo‘ldi. Shu yilda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan maktabimiz bitiruvchilarining 10 nafari men tashkil qilgan qo‘shimcha to‘garak a’zolari edi. Ularning barchasi talaba bo‘ldi. Quvonarlisi, 7 nafari grant asosida o‘qishga qabul qilingan. Shuningdek, o‘zim Samarqand davlat universitetining magistratura yo‘nalishiga qabul qilindim. Qolaversa, ona tili va adabiyot fani bo‘yicha ham o‘qituvchilar, ham abituriyentlar uchun yaratgan o‘quv qo‘llanmam chop etildi. Mehnatlarim samarasi bo‘lsa kerak, yana shu yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldim. Bu o‘z navbatida mas’uliyat yukladi. Menga, ya’ni hali o‘ttiz yoshga to‘lmagan o‘qituvchiga berilgan bu mukofot hukumat tomonidan bildirilgan katta ishonch hamdir. Bundan ko‘rinib turibdiki, kelgusida o‘z ustimda yana-da ko‘proq ishlash talab etiladi. Maktabimiz jamoasi bilan o‘tgan o‘quv yilida bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichini 100 foizga yetkazdik. Endi asosiy maqsadimiz shu ko‘rsatkichni ushlab turish bilan birga, bitiruvchilarimizning barchasini grant asosida o‘qishga kirishini ta’minlashdan iboratdir.

To‘lqin Siddiqov suhbatlashdi,

Tasvirchi: Baxtiyor Mustanov.