Endi baralla aytaman: otam - oddiy o‘qituvchi!

“Muallimning noni qattiq”. Bolaligimdan shu gapni eshitib esimni tanidim. Nega nonimiz qattiq bo‘lar ekan, ana yumshoq-ku derdim bolalik xayoliga borib.

Dadam o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi. Qishloqdoshlarim ta’biri bilan aytganda, Xudoyberdi malum (shevada). Agar esimni uch yoshimda tanigan bo‘lsam, o‘sha paytdan o‘qituvchining noni qattiqlasha bordi chamamda. Mustaqillikning ilk yillarida esa bu non qattiqlikda po‘latga tenglashdi-yov. Olti oylab kechiktirilib beriladigan urvoqday maoshlar, moddiy yetishmovchiliklar, buning zamirida paydo bo‘lgan tibbiy-ijtimoiy muammolar ichida dadam bir etak bola, jo‘jabirday jon, kaftdek hovli va hech qanday qo‘shimcha daromadsiz yumshoq suyagimizni qotirdilar.

Qancha-qancha erkak o‘qituvchilar tirikchilik va tiriklik sababidan o‘z sevimli kasbidan voz kechib ketishdi. Vaziyat shu darajada xaroblashdiki, «Otang nima ish qiladi?», degan savolga «Muallim», deb javob berish biz uchun naqadar og‘riqli edi. Bu ota kasbimizdan or qilganlikdan emas. Jamiyatda o‘qituvchining hech qanday nufuzi qolmaganligi va jamiyatdagi boshqa qatlamlar o‘qituvchiga orlanib qaray boshlaganligidan edi. Natijada dadam maktabda o‘qituvchilik qilishdan ortgan vaqtlariga kolxozchilik qilar, yigirma egat kolxoz ajratadigan yerga tamaki ekar, pilla boqar, kichkinagina hovlimizda dehqonchilik qilar edilar. Mehnatning aybi yo‘q, albatta. Ammo o‘sha paytda mehnatni sharaf deb bilganimizdan emas, azbaroyi tirikchilik vaji, hayot-mamot majburiyatidan asalariday ishga yopishardik.

Yillar o‘tdi. Yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lib shuni tushundimki, agar bu sharoitdan chiqishni istasam bir minut vaqtimni zoye qilmay o‘qishim, institutga kirishim kerak ekan. O‘ylardimki, institutga kirgach hamma muammolar hal bo‘ladigandek. Institutga kirgach angladimki, o‘qituvchi nomini oqlash ham hammaga nasib etgan ne’mat emas ekan. Qanchalar g‘ayrat bilan o‘qimay, ba’zi fanlardan adolatsizlikka duch keladigan bo‘lsam, to‘g‘ri o‘sha kafedra mudirining oldiga kirardim. Doimo bitta savol oldida g‘azabim qo‘zirdi:

- Otang nima ish qiladi, - derdi mudir.

- Otam o‘qituvchi, - derdim.

Yuzi tirishardi.

- Demak, otang oddiy o‘qituvchi, shundaymi derdi.

G‘azabim qo‘zib:

- Ha, xuddi sizga o‘xshagan oddiy o‘qituvchi, - derdim. Oqibatda, menga «bundayroq» baho nasib qilar, a’lo bahoni esa otasi oddiy o‘qituvchi bo‘lmaganlar olardi.

Avval bakalavriatura, keyin esa magistraturani tugatdim. Nihoyat o‘n yillik tibbiy ta’limdan so‘ng ish izlayapman. Qaysi tashkilot eshigini qoqmay, yana o‘sha «Otang nima ish qiladi?», degan savolga duch kelardim. Ish beruvchi tomon otam oddiy o‘qituvchi ekanligini bilgach, yuzini ters burardi. Chorak asr mobaynida o‘qituvchini mahalliy hokimliklarga qarol, qul qilib bergan jamiyatdan nafratlanardim. Bir yilda bir kungina nishonlanadigan kasb bayramida o‘qituvchilar paxta dalasida xoru zabun yurardi.

Dadam tabiatan judayam bosiq inson. Uncha munchaga hissiyotga berilmaydilar. Ammo bir kuni dadamning ranglarini bir alfozda ko‘rib vahimaga tushdim. Keyin bilsam, tuman hokimi paxta masalasida dadamni haqoratlagan, «Bayramingni burningdan chiqaraman», degan ekan. Bir kuni dadamga ergashib yangi qurilayotgan «Urgut savdo markazi»ga bordik. Kun mobaynida tuman o‘qituvchilari hokim buyrug‘i bilan bozor qurilishiga jalb qilingan edi. Atrofda to‘rt sinfni zo‘rg‘a tugatgan tadbirkor boylar qo‘lini orqaga qilib o‘qituvchilar qurayotgan do‘konlari oldida kuymalanib yurishardi... Hokimvachchalar shu qadar vijdonsizlashdiki, bora-bora har qanday qora ishlarga o‘qituvchilar jalb qilina boshlandi. Shior bitta: Chidasang shu, chidamasang katta ko‘cha! Taassufki, o‘sha zamonda o‘qituvchini zorini ko‘chadagi daydi it ham tinglamasdi. Ohingni Xudoga ayt!

Millat o‘qituvchisini, muallimni jamiyatdagi eng qashshoq va qadrsiz kasb egalariga aylantirgan davlat tanazzulga mahkum bo‘lishini jahon tajribasi necha bor isbotlagan...  Mana, o‘sha chorak asr davom etgan bo‘hronning hamonki jabrini tortyapmiz.

Yaxshiyam hozir o‘qituvchini ko‘cha tozalashga olib chiqadigan hokimlar yo‘q. Bo‘lsa ham endi qo‘rqadi. Yaxshiyam endi majburiy mehnat desa hokimlar bir qalqib tushadi. Chunki o‘qituvchiga munosabat, e’tibor o‘zgardi. Bundan keyin o‘qituvchining bolasi yelkasini qisib yurmasin. “Otang nima ish qiladi”, degan savolga OTAM O‘QITUVChI deb baralla ayta olsin!

Orifjon Komilov,

oddiy o‘qituvchining o‘g‘li.