"Maktablar qishga tayyormi?" Boshqarma rasmiy munosabat berdi
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati Zarnews.uz e’lon qilingan "Maktablar qishga tayyormi?" sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.
Samarqand viloyatida 1266 ta umumta’lim maktablari 745 ta Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularni qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan ta’minlash muhim masala hisoblanadi.
O‘tgan qish mavsumidagi anomal sovuq viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi inshoatlarning issiqlik tizimiga katta talofat yetkazdi. Joriy yilda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda rejali ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yildan viloyatdagi 229 ta maktabning isitish qozonxonalari ko‘mirga moslashtirildi. Viloyatdagi barcha ko‘mir bilan isitiladigan maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ko‘mir zaxirasi yaratildi. Shuningdek, sinov tariqasida Narpay, Ishtixon, Samarqand tumanidagi maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarning isitish tizimi xususiy sektorga berildi.
Maqolada "Ayrim muassasalarda isitish qozonlari va tarmoqlar mavsumoldi sinovdan o‘tkazilmagan" deyilgan. Ushbu jarayonlar ayni kunlarda viloyat Maktagacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan ham o‘rganilmoqda. O‘rganishlar davomida kamchiliklar aniqlangan maktablarga iliq kunlardan foydalanib, isitish tizimini to‘liq sinovdan o‘tkazish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilmoqda.