Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktablarda korrupsion holatlar yo‘q emas

Bu haqda Samarqand shahridagi 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida aytildi.

Samarqand shahridagi maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari taklif etilgan tadbirda korrupsiya illati, oqibatlari, uni keltirib chiqaruvchi omillarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, qonun va farmonlarga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.

- Ming afsuski, Samarqand shahridagi maktablarda keyingi paytda mayda-chuyda yig‘imlar, ya’ni korrupsiya holatlari haqida e’tirozlar ko‘paydi, - deydi shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Azimjon Soliyev. - Ba’zi maktablarda farroshga pul yig‘ilayotgani kuzatilyapti. O‘qituvchilarning 11-sinf o‘quvchilarini oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi uchun repetitorga to‘liq javob berib yuborganini nima bilan izohlash mumkin? Yuqoridagilarning barchasi korrupsion holat emasmi? Agar o‘quvchi yillar davomida maktabdan o‘sha bilimini ololmagan bo‘lsa, bunga sizu biz sababchimiz. Yetarli bilim bera olmagan o‘qituvchining maktabda bir soat ham ishlashga haqqi bo‘lmasligi kerak.

A.Soliyev yana bir jihatga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, oliy ta’limga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilayotgan ijodiy imtihonlarda hamon korrupsion holatlar kuzatilyapti. Bu jarayonni ham test jarayoni kabi oshkora va shaffof tarzda tashkil etish vaqti keldi. Har bir maktab bitiruvchilaridan yil davomida test olish kerak, shunda haqiqiy bilimdon o‘quvchi saralanadi. O‘qigan o‘quvchi esa hech qachon korrupsiya yo‘li orqali o‘qishga kiritib qo‘yishini istamaydi.

Husan Eltoyev.