Maktablarga “Avlod” robototexnika to‘plamlari berildi

Toyloq tumanidagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga Mudofaa vazirligi tomonidan “Avlod” nomli milliy mahsulot – robototexnika to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Ushbu robototexnika mahsulotlari yordamida o‘quvchilar 200 dan ortiq mahsulotlar yasashi mumkin. Robototexnika to‘plami Turin politexnika universiteti tomonidan milliy mahsulot sifatida yaratilgan.
Ushbu tashabbus Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, Mudofaa sanoati agentligi tomonidan Toyloq tumanidagi 41-, 46-, 48-, 49-, 50-, 55-umumiy o‘rta ta’lim maktablariga ham xuddi shunday robototexnika to‘plamlari topshirildi.
- Bugungi kunda dunyoda texnika taraqqiyoti shiddat bilan rivojlanmoqda, - dedi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi xodimi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shuhrat Zohidov. – Sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, robototexnika kabi sohalar davlatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan yoshlarni robototexnikaga o‘rgatish maqsadida Mudofaa sanoati agentligiga biriktirilgan Toyloq tumanidagi yettita maktabga robototexnika to‘plamlari beg‘araz topshirildi. Maqsadimiz - ushbu maktablarda robototexnika to‘garaklari ochish, o‘quvchilarni dasturlash, injenering, IT sohalariga bo‘lgan qiziqishini oshirish.
Shuningdek, robototexnikani o‘quvchilarga to‘liq o‘rgatish maqsadida ushbu maktablarning texnologiya fani o‘qituvchilari onlayn o‘qitiladi.
Texnika, texnologiyalar rivojlangan zamonamizda chekka hududdagi maktab o‘quvchilariga robotexnikani o‘rgatish, ularni zamonaviy bilimlarga qiziqtirish ertaga iqtidorli yoshlarning vatan taraqqiyotiga munosib mutaxassis bo‘lishiga zamin yaratadi.
Xurshida Ernazarova.