Maktablarning milliy reytingida Samarqand oxirgi o‘rinlarda
Samarqanddagi ta’lim sifati ko‘hna kent nomiga munosib emas. Ta’lim darajasi bo‘yicha past ko‘rsatkichli maktablar aynan Samarqandda ekanligi haqda viloyat hokimi E.Turdimov yangi o‘quv yili oldidan bugun o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Ta’lim sifati bo‘yicha mamlakatimizda o‘tkazilgan milliy reytingda Samarqand viloyati eng oxirgi o‘rinlardan birida bormoqda. Xususan, respublikadagi eng yaxshi maktablar 20 taligiga viloyatdan birorta maktab kirmagan. Faqatgina 100 talik ro‘yxatda birgina Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 56-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor.
- Bunday holatda men boshchiligimda butun hokimlar va tizimga mas’ul bo‘lgan rahbarlar qanday o‘zini kechirishi mumkin, - dedi viloyat hokimi. – Axir Samarqand azaldan ilm-ma’rifat markazi sanalgan. O‘z davrida sivilizatsiya beshigi bo‘lgan.
Ta’lim sifati bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, 47 ball bilan Samarqand viloyati 13-o‘rinda qayd etilgan.
Respublikadagi mavjud 10 mingta maktabdan 956 tasi qatnashgan reytingda eng oxirgi ikkita o‘rinni aynan Samarqand viloyati vakillari band qilgan. Ro‘yxat so‘ngidagi 20 ta maktabdan 10 tasi Samarqandda ekanligi afsuslanarli holat.
Bundan tashqari, Payariq va Past Darg‘om tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari reyting natijalariga ko‘ra, eng yomon ko‘rsatkichlarni qayd etgan.