Fuqarolik sudlari 2025 yilda ishga tiklash masalasida 215 ta da’vo arizasini ko‘rdi

Viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2025 yildagi faoliyati yuzasidan o‘tazilgan brifingda ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil tumanlararo sudlarda 176 ming 448 ta ish ko‘rilgan.

– Ko‘rilgan ishlar tahlil qilinganda, fuqarolik ishlari 3098 taga, material tartibida ko‘rilgan ishlar 4807 taga, sud buyruqlari 16202 taga ko‘paygani ma’lum bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Zafar Allaboyev. – Tumanlararo sudlar har bir sudyasining o‘rtacha oylik ish hajmi 490,1 tani tashkil qildi. Viloyat sudi birinchi instansiyada 21 ta material, apellyasiya instansiyasida 1129 ta, kassatsiya instansiyasida 837 ta, taftish instansiyasida 518 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan.

Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan 9120 ta da’vo arizalaridan 4209 tasi qanoatlantirilib, oilalar ajratilgan. Shu bilan birga 528 ta ish bo‘yicha taraflar yarashtirilganligi munosabati oilalar saqlab qolingan.

O‘tgan yil ishga tiklash masalasida 215 ta da’vo ariza ko‘rilib, 111 ta ish bo‘yicha xodimlarning buzilgan huquqlari tiklandi. Ish haqini undirishga oid 337 ta ishning 209 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirildi va va xodimlar foydasiga 83,1 milliard so‘mlik ish haqlari undirib berildi.

Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish masalalariga oid 8907 ta ish bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan va voyaga yetmagan bolalarga aliment undirish haqida tegishli sud qarorlari qabul qilingan.

Ta’kidlanishicha, da’vo tartibida ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlari nizo turi bo‘yicha tahlil qilinganda, kredit qarzdorligi hamda qarz undirishga oid ko‘rilgan ishlari 28 foizni, nikohdan ajratish haqidagi ishlar 20 foizni, yer nizolari 9 foiz, uy-joy bilan bog‘liq nizolar 5,5 foiz va mehnat nizolari bilan bog‘liq ishlar 1,7 foizni tashkil etgan.

Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlarining 9325 tasi sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilgan bo‘lib, o‘tgan yilni shu davriga nisbatan 228 taga ko‘paygan.

Viloyat sudining apellyasiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida tumanlararo, tuman va shahar sudlarining jami 2484 ta ishi ko‘rilib, 456 ta hal qiluv qaror (ajrim)lari yoki apellyasiya, kassatsiya yoki taftish instansiyalarida ko‘rilgan ishlarning 18 foizi bekor qilingan, 110 ta hal qiluv qaror (ajrim)lari o‘zgartirilgan.