Qarzdor ota ma’muriy qamoqqa olindi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2016 yil 9 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor Husan Sharipovdan undiruvchi Madina Tursunova foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorning yashash manzilida va uning shaxsiy egaligida undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklari mavjud emasligi aniqlandi.
Qarzdor aliment pullarini to‘lamay qo‘ygan. Ijro harakatlari davomida qarzdor H.Sharipov bir necha marotaba rasmiy ravishda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, 13 million 422 ming so‘m miqdoridagi aliment qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Shu sababli qarzdor H.Sharipovga nisbatan Kattaqo‘rg‘on shahar ma’muriy sudi qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47(4)-moddasiga asosan 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Dilshod TIMUROV,
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi bo‘lim inspektori.