Mamlakatimizda ushbu hafta qanday ob-havo kutilmoqda?
Hafta davomida O‘zbekiston hududida ob-havo quruq va issiq bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
10 avgust, dushanba kuni mamlakatning katta qismida havo harorati 33−38 darajani tashkil qiladi. Ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15 metrgacha kuchayishi mumkin.
Seshanba kuni mamlakat hududiga kuchsiz havo oqimining kirishi kutilmoqda. Natijada harorat kunduzi 30−35, kechasi 18−23 darajagacha pasayadi. Ish haftasining oxiriga kelib harorat ko‘tarila boshlaydi va 33−38 darajani tashkil qiladi.
Sinoptiklarning xabar berishicha, bunday harorat oyning shu davri uchun xos iqlimiy me’yorga yaqindir.
Dushanba va seshanba kunlari respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.