Mamlakatimizdagi pensiya va nafaqa oluvchilar haqida ma’lumot berildi

Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mamlakatda pensiya va nafaqa oluvchilar sonini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, pensiya jamg‘armasining hududiy tuman (shahar) bo‘limlarida hisobga olingan pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 million 824 ming nafarni, ya’ni aholi sonidagi ulushi 11,2 foizni tashkil qilgan. 2020 yil 1 yanvar holatiga nisbatan 147,2 ming nafar yoki (4 foiz)ga ko‘paygan.

Shundan, 2 million 849 ming nafari (74,3 foiz)ni yoshga doir pensiya, 386,5 ming nafari (10,1 foiz)ni nogironlik pensiya, 189,1 ming nafari (5,0 foiz)ni boquvchisini yo‘qotgan pensiya oluvchi oilalar va 400,3 ming nafari (10,6 foiz)ni nafaqa oluvchilar tashkil qildi.

2020 yilda 333 ming 450 nafar fuqaroga yangi pensiya va nafaqalar tayinlangan.

Pensiya jamg‘armasining 2020 yil uchun daromadlar rejasi 20 trillion 134 milliard so‘m bo‘lib, ijrosi 20 trillion 592 milliard so‘mni (shundan, soliqlardan tashqari tushumlar miqdori 176,2 milliard so‘mni) tashkil etgan.