Mana qanday odamlar bor, ular bizning hamyurtlarimiz, ammo...

Navro‘z bayrami arafasida bir guruh samarqandlik jurnalistlar Farg‘ona vodiysini ziyorat qildik. Safarimizning birinchi kuni Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon saroyida bo‘lganimizda, saroyning ichki xonalaridan birida devorda osilgan ko‘rgazmali qurollar diqqatimni tortdi.

-Bu matoga tikilgan naqshlarni nogiron bolalar oyog‘ida tikishgan, - dedi O‘ktamxona opa, izoh berib.

Ishonmasdan opani savollarga tuta boshladim. Opa o‘zi, nogiron bolalar uchun qilayotgan ishlari haqida gapira ketdi. Shu asnoda u Qo‘qon shahrida “Iqtidor” imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi ochgani, ammo uning bir-ikkita muammolari borligini, yugurmagan joyi qolmaganini aytib berdi.

Quyida, shu haqda ma’lumot beramiz. Adolatli rahbarlar va saxovatli kishilar e’tiboriga muhtoj markazdan yordamingizni ayamaysiz, degan umiddamiz.


***

Tursunali Ahmadaliyev 79 yoshda, O‘ktamxona Ahmadaliyeva 74 yoshda Hoji ona. Ular qo‘qonlik. Tursunali ota rassom, turmush o‘rtog‘i bilan imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oilalarning bolalariga “Iqtidor” imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazida rassomlik, kandakorlik kabi bir qancha hunar sirlarini tekinga, o‘z hisoblaridan (ularning ortiqcha daromadi yo‘q nafaqaxo‘r) o‘qitishadi. Ammo mamlakatimizda aynan shunday odamlarga, ularning faoliyatiga e’tiborsizlikni har qadamda uchratishingiz, shubhasiz.

Agar ularga e’tibor berishganida, 20 yil davomida joy topolmay sarson-sargordan bo‘lib yurishmasdi. Ayni paytda pedagogika kollejining 3-qavatida bu markaz faoliyatini davom ettirishmoqda. Endi qo‘li yo‘q, oyog‘i nogiron bolajonlarning uchinchi qavatga chiqib tushishini tasavvur qiling-a!

Meni, ayniqsa, ikki qo‘li yo‘q oyoqlari bilan rasm chizadigan, gilamcha to‘qiydigan bir qizaloqning taqdiri tashvishga soldi. Onasi vafot etgan, otasi boshqaga uylangan, ayni paytda amakisi qo‘lida tarbiyalanayotgan bu qizcha yo‘liga ming so‘m topolmaydigan holatlar bo‘lib turarkan. Bolalarning qo‘l mehnati uchun ishlatiladigan mahsulotlar ip, qog‘oz, bo‘yoqlar, rangli qalamlar uchun Tursunali ota va O‘ktamxon ayalar o‘z mablag‘larini sarflashadi, hatto ba’zida bolalarning yo‘l pulini ham ko‘tarishadi. Tursunali ota menga shunday deydi: “Men bunday kam ta’minlangan oilalarning bolalari yoki nogiron bolalarni tilamchilik qilishdan asrab qoldim, nafaqat asrab qoldim, balki ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga hissa qo‘shdim, menga faqat shu kerak”.

Xullas ayni paytda bu markaz uchun muqim faoliyat yuritadigan xona va bitta transport kerak. Chunki ba’zi bolalar (qo‘li yo‘q) oyog‘i bilan taksi to‘xtatishganda haydovchilar oyog‘ing bilan taksi to‘xtatayapsan, bizni mazax qilayapsan, deb haqorat qilib ketishgan kunlar ham ko‘p bo‘larkan. Shu paytda bolaning ne ahvolga tushishini tasavvur qilib ko‘ring-a!

Xullas, ularga o‘zlarining aytishicha eeeeeskigina bo‘lsa ham transport kerak... O‘ylaymanki, bu ikki olijanob insonning xayrli ishlariga yordam berishda, qo‘llab-quvvatlashda, mutasaddi rahbarlar, homiylar befarq bo‘lishmaydi.

Barno Sultonova, jurnalist.