Ma’naviy merosda vorislik va uning XXI asr ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida shu mavzuda respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Konferensiyaning maqsadi globallashuv sharoitida ma’naviy meros va XXI asr ta’lim-tarbiya jarayonini rivojlantirish muammolarini aniqlash va bu muammolar yechimini ko‘rsatib berishdir.
Anjumanda mamlakatimizning turli oliy ta’lim muassasalaridan 100 dan ortiq faylasuflar, tarixchilar, milliy-ma’naviy qadriyatlar sohasida tadqiqot olib borayotgan olimlar, doktorantlar, magistrantlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
Ilmiy-amaliy anjumandagi ma’ruzalarda globallashuv jarayonlari sharoitida ta’lim-tarbiyani modernizatsiya qilish, milliy o‘zlikni asrab qolgan holda uni zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish, Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy merosini tatbiq qilishda innovatsion yondoshuvlar va modellar tahlili, jadidlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyatidagi yangi qarashlarning bugungi ta’lim tizimidagi o‘rni va ahamiyati, Uchinchi Renessans poydevorida ma’naviy-ma’rifiy vorislik attraktorlari, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va uning falsafiy-metodologik muammolari keng yoritib berilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Biz yaratayotgan Yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz”.
Bugungi kunda ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgulik va umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy ideallariga zid bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirish – bugun har qachongidan ham muhimdir.
Anjumanda qatnashayotgan olimlar o‘z ma’ruzalari orqali yuqoridagi mavzularga doir ilmiy xulosa va tavsiyalarini taqdim etmoqdalar.
Akrom Azizqulov,
SamISI ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.