Ma’naviyatsiz jamiyat – sust jamiyatdir

Oliy ta’lim nafaqat bilimlar makoni, balki shaxs kamolotining muhim bosqichidir. Talabaning fikrlashi, qadriyatlarga munosabati, jamiyatdagi tutgan o‘rni va hayotga bo‘lgan qarashi aynan shu bosqichda shakllanadi.
Shu sababli, oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni zamon talablariga mos ravishda tashkillashtirish va boyitish – ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi kerak. Afsuski, ayrim hollarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar faqatgina rejalashtirilgan topshiriq yoki hisobot uchun tashkil etilib, talabaning ichki dunyosiga, ehtiyojlariga, zamonaviy qiziqishlariga mos kelmay qolmoqda. Bunday hollarda ma’naviyat ko‘proq rasmiylik darajasida qolib ketadi, natijada uning haqiqiy tarbiyaviy ta’siri sezilmaydi.
Bugungi talabaning diqqat-e’tiborini tortish uchun, avvalo, motivatsion, interaktiv va amaliy yo‘nalishdagi tadbirlar tashkil etilishi zarur. Bu borada Samarqand davlat chet tillar institutida bir qator innovatsion yondashuvlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Jumladan, yaqinda talabalar bilan yozgi ta’tilni mazmunli va samarali o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda professor-o‘qituvchilar erkin savol-javoblar vositasida talabalarning qiziqishlarini uyg‘otdilar. Motivatsion treninglar talabalarni kelajak rejalari haqida o‘ylashga undovchi, ichki potensialni uyg‘otuvchi metodlar qo‘llandi. Shuningdek, ushbu tadbirni qiziqarli bo‘lishini ta’minlovchi vizual vositalar slaydlar, videoroliklar, infografikalar orqali fikrlar ta’sirli yetkazildi. Ilg‘or talabalarning kitobxonlik, volontyorlikdagi yutuqlari taqdim etildi. Mentorlik yondashuvi jihatidan professor-o‘qituvchilar individual maslahatlar berib, har bir talabaga e’tibor qaratdi.
Tadbirning natijasi o‘laroq, talabalar ta’til davomida amalga oshirishni istagan shaxsiy reja va loyihalarini ishlab chiqishdi. Kitobxonlik va volontyorlik faoliyatiga qiziqish ortdi, talabalarning o‘zaro birlashgan tashabbus guruhlari shakllandi. Talabalar va ustozlar o‘rtasida hamkorlik va ochiqlik muhitiga asoslangan aloqa yo‘lga qo‘yildi. Tadbir yakunida ko‘pchilik talabalar ijodiy ishlarga, ma’naviy mavzudagi bloglar, esse va maqolalar yozishga qiziqish bildirganini ma’lum qilishdi.
Kelgusida har bir fakultetda ma’naviy suhbat klublari tashkil etish, talabalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’naviy-ma’rifiy blog yuritishga rag‘batlantirish, o‘quv yili davomida har oyda motivatsion uchrashuvlar, mashhur shaxslar, bitiruvchilar, ijtimoiy faol yoshlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.
Bugungi yoshlar ertangi kunning quruvchilaridir. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish esa bugungi pedagoglar, ota-onalar va butun jamiyatning vazifasidir.
Bahora Salimova,
Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi.